Sun’iy intellekt yaqin 5 yilda qaysi kasblarni siqib chiqaradi?
Soha ekspertining fikricha, sun’iy intellekt eng avvalo kundalik yumushlar va past malakali vazifalarni o‘z zimmasiga oladi.

Sun’iy intellekt rivoji tufayli yaqin besh yil ichida past malakali va kundalik takrorlanuvchi kasblar qisqarishi mumkin. Bu haqda «Gazeta.Ru»ga sun’iy intellekt sohasi eksperti, «Shkola neyrosetey i SMM» asoschisi Kseniya Baranova ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, kompaniyalar ish jarayonlarini qayta tuzib, kundalik takrorlanuvchi operatsiyalarni SI zimmasiga yuklaydi, insonlar esa qaror qabul qilish, mas’uliyat va muloqot talab qilinadigan sohalarda qoladi.
Ekspertning fikricha, SI odamlarni batamom ishsiz qoldirmaydi, ammo boshlang‘ich lavozimlarga qabul kamayadi va jamoalar ichida vazifalar qayta taqsimlanadi. SI tipik operatsiyalarni tezlashtirgani sabab ayrim xodimlarga qo‘yiladigan talablar oshadi.
Qaysi sohalar xavf ostida?
Baranovaning aytishicha, xizmat ko‘rsatish operatorlari xavf guruhiga kiradi. Buyurtma holati, tarif shartlari, qaytarish yoki qabulga yozilish kabi jarayonlar formallashtiriladi va avtomatlashtiriladi. Shu bois koll-sentr operatorlariga ehtiyoj allaqachon kamaya boshlagan, kelajakda esa faqat murakkab va mojaroli holatlar inson ishtiroki bilan hal etiladi.
Shuningdek, «kontent-takrorlishi» bilan bog‘liq kasblar — oddiy kopirayting, shablon SEO matnlar, tovar kartochkalari tavsifi, lending va e’lonlar yozish — ham avtomatlashuvga o‘tadi. SI bunday matnlarni tez va arzon yaratish imkoniga ega.
Inson roli saqlanadimi?
Ekspertga ko‘ra, bu kontent davrining yakunlanishi emas. Arzon va ommaviy matnlar avtomatlashtiriladi, ammo original g‘oyalar, ma’no bog‘lanishlari va faktcheking uchun inson kerak bo‘ladi.
Ofis xodimlari — ma’lumot kiritish, hisobot tayyorlash, hujjat aylanmasi bilan shug‘ullanuvchilar ham xavf ostida. Baranova ta’kidlashicha, boshlang‘ich darajadagi IT mutaxassislarining ayrim vazifalarini SI allaqachon bajara boshlagan.
Shu bilan birga, SI joriy etilishining asosiy xavfi «gallyutsinatsiya» deb ataluvchi noto‘g‘ri xulosalar chiqarish holatlaridir. Strategik qarorlar, faktlarni tekshirish va javobgarlik yuqori bo‘lgan lavozimlarda SI yaqin yillarda inson o‘rnini bosa olmaydi.




