
Surxondaryo paxtakorlari mamlakatda birinchi bo‘lib rejani bajardi
13.10.2025 | 09:442552
Viloyat paxtakorlari bu yilgi paxta topshirish shartnomaviy rejasini ortig‘i bilan bajardi. Ular qabul qilish punktlariga 275 ming 600 tonnadan ortiq xomashyosini yetkazib berishdi.

Surxondaryo viloyatida bu yilgi paxta yig‘im-terimi yakunlandi va viloyat paxtakorlari mamlakatda birinchi bo‘lib yillik shartnomaviy rejani ortig‘i bilan bajardi. Qabul shoxobchalariga umumiy hisobda 275 ming 600 tonnadan ortiq yuqori sifatli paxta xom ashyosi topshirilgani ma’lum qilindi.
So‘nggi yillarda paxtachilik sohasi tubdan isloh qilindi — xorij tajribalari joriy etildi, paxta-to‘qimachilik klasterlari tashkil etildi va bu dehqon hamda fermerlar uchun barqaror daromad manbaiga aylandi. Bu islohotlar Surxondaryo mirishkorlariga yuqori samara bilan ishlash imkonini berdi.
Shu bilan birga, bu yil ob-havo sharoiti biroz noqulay kelganiga va suv tanqisligi kuzatilganiga qaramay, hosil mo‘l bo‘ldi. Mirishkorlar o‘z tajribasi va zamonaviy usullardan foydalanib, har bir gektardan yuqori hosil olishga erishgan.
Paxta terimi jarayonini tashkil etish maqsadida 1277 ta terim otryadi tuzildi. Terilgan xom ashyoni qabul shoxobchalariga o‘z vaqtida yetkazib berish uchun 2010 ta traktor va 2965 ta tirkama jalb qilindi.





