
Suv xo‘jaligida qonunbuzarlikni fosh etganlar puli mukofot oladi
11.06.2025 | 16:0737932
Endilikda suv resurslaridan foydalanishdagi huquqbuzarliklarni aniqlab, tasvirga olib yuborgan fuqarolar pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi. Bu haqda 2025 yil 7 iyun kuni qabul qilingan hukumat qarori (№352) asosida maxsus nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, jismoniy shaxslar tomonidan qayd etilgan huquqbuzarlik holatlari fotosurat yoki videoyozuv shaklida Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi inspeksiyaga "v-nadzor.gov.uz" sayti orqali 48 soat ichida yuborilishi kerak. Videomateriallar 120 soniyadan oshmasligi lozim.
Materiallarda qonunbuzarlik, uni sodir etgan shaxs haqidagi ma’lumot (agar mavjud bo‘lsa), shuningdek manzil, sana va vaqt aks etgan bo‘lishi shart. Inspeksiya bu ma’lumotlarni 10 kun ichida ko‘rib chiqadi.
Agar qonunbuzarlik birinchi marta sodir etilgan bo‘lsa, huquqbuzarga maxsus tavsiyalar yuboriladi. Ammo 1 yil ichida qoidabuzarlik takrorlansa, Ma’muriy javobgarlik kodeksiga muvofiq jarima solinadi.
Eng muhim yangilik shundaki, huquqbuzardan undirilgan jarima summasining 25 foizi mazkur holatni fosh etgan shaxsga pul mukofoti sifatida to‘lab beriladi. Mukofot jarima undirilgan kundan boshlab 15 kun ichida amalga oshiriladi.





