
Tadbirkor: davlat tashkilotlari uchun jarima qo‘llanilmayapti
07.09.2025 | 11:156884
Davlat xaridlari amaliyotida tadbirkorlar tomonidan qator savollar qo‘yilmoqda: garov summasi yetarli emas, moderator aralashuvi bor, davlat tashkilotlar esa jazodan chetda qolmoqda.

«Absolyut partnyorlik» kompaniyasi rahbari Siddiqov Husan davlat xaridlari va birja savdolarida uchrayotgan muammolar haqida tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda fikr bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, masala ham davlat tashkilotlarida, ham tadbirkorlarning o‘zida mavjud.
Siddiqovning aytishicha, ayrim tadbirkorlar buyurtmani olib, kerakli sifat va hajmda tovarni yetkazib bermaydi. «95 millionlik printerga tenglashadigan mahsulotni ayrim yakka tartibdagi tadbirkorlar 23 million so‘mga yutib, oxir-oqibat A4 qog‘oz olib borib beryapti. Bu umuman noto‘g‘ri holat», — dedi u.
Uning ta’kidlashicha, asosiy muammolardan biri — garov summalarining pastligi. «Garov summasi ancha kam. Yo uni ko‘tarish kerak, yoki teng qilib qo‘yish kerak. O‘shanda tadbirkor hammasini o‘ylab kirishadi. Hozir ko‘p hollarda garov qo‘yilmayapti», — dedi kompaniya rahbari.
Shuningdek, u birja moderatorlarining harakatlarini ham tanqid qildi. Davlat tashkiloti qanday tovar kerakligini o‘zi ko‘rsatyapti. Ammo moderator kirishib, qo‘shimcha shartlarni olib tashlayapti. Bu ham tadbirkorga, ham davlat tashkilotiga to‘siq bo‘lishini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim hollarda tovar yetkazilgandan keyin ham muammolar kelib chiqmoqda. Masalan, konditsioner kabi texnik jihozlar xarid qilinganda o‘rnatish xizmati uchun alohida pul ajratilmayapti. «Tovar olib kelinadi, lekin o‘rnatish uchun mablag‘ berilmaydi. Unda u bir yillab yotib qoladimi?», — deb so‘radi tadbirkor.
Siddiqov sud ishlariga to‘xtalib, ayrim davlat tashkilotlari majburiyatni bajarmasa-da, ularga nisbatan jarima qo‘llanilmayotganini qayd etdi. «Davlat tashkiloti ham xalqning puli hisobidan yashayapti. Biz advokat yollaymiz, vaqt sarflaymiz. Ularga jarima berish kerak bo‘lganda «Davlat tashkiloti». Davlat tashkilotida ham o‘sha inson o‘tiribdi», — dedi u.
Muammolar yuzasidan mutasaddilar izoh berishmadi, «yozib oldik» degan javob bilan cheklanishdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ochiq muloqotda qatnashgan tadbirkorlardan birining savdo platformalarida uchrayotgan byurokratiya tufayli bozor kirish qiyinlashayotgani haqidagi murojaatini yozgan edik.





