add

Tadbirkorlarga soliq munosabatlarida qator yengilliklar beriladi

Bugun 18:592 daqiqa

Soliq hisoboti topshirishda biroz kechikishlarga nisbatan jazo bekor qilinib, biznes uchun huquqiy kafolatlar kengaytirildi.

Tadbirkorlarga soliq munosabatlarida qator yengilliklar beriladi

O‘zbekistonda tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan navbatdagi huquqiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. 25-dekabrda qabul qilingan O‘RQ–1108-sonli qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, soliq munosabatlarida biznes uchun bir qator yengilliklar belgilandi.

Kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, agar soliq to‘lovchi yoki soliq agenti tomonidan so‘nggi uch oy ichida soliq hisobotlari o‘z vaqtida taqdim etilgan bo‘lsa va navbatdagi hisobot davri uchun hisobot topshirish muddati besh ish kunidan oshmagan holda kechiktirilsa, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilishi mumkin emas. Agar bunday ish boshlangan bo‘lsa, u tugatilishi shart.

Shuningdek, Iqtisodiy protsessual kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, huquqiy ta’sir choralari qatoriga qo‘shimcha mexanizm joriy etildi. Endi qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lovchi sifatida maxsus ro‘yxatga olish haqidagi guvohnomaning amal qilishini 30 kundan ortiq muddatga to‘xtatib turish huquqiy ta’sir chorasi sifatida qo‘llanishi mumkin.

Yana bir muhim yangilikka ko‘ra, soliq qarzi mavjud bo‘lgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar soliq organlariga qarzni o‘z debitorlari hisobidan undirishni so‘rab murojaat qilish huquqiga ega bo‘ldi. Bu biznes uchun likvidlikni saqlab qolish va moliyaviy bosimni kamaytirish imkonini beradi.

Bunday murojaatga o‘zaro tasdiqlangan yoki bir tomonlama imzolangan hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasi ilova qilinishi lozim. Soliq to‘lovchining debitori esa bildirish xati olingan kundan boshlab o‘n ish kuni ichida dalolatnomani imzolashi yoki qarz mavjud emasligini asoslab rad javobini taqdim etishi shart.

Qonun bilan foyda solig‘i bo‘yicha imtiyozlar ham aniq tartibga solindi. Belgilanishicha, bunday imtiyozlar Prezident qarorlari asosida, faqat amortizatsiya qilinadigan asosiy vositalarni tezlashtirilgan amortizatsiya qilish huquqini berish orqali va uch yildan ortiq bo‘lmagan muddatga taqdim etiladi.

Teglar

Mavzuga oid