add

Tadbirkorlik faoliyatining asoslari va kafolatlari to‘g‘risida yangi qonun qabul qilinadi

11.12.2025 | 18:052012 daqiqa

2026 yil 1-iyuldan kuchga kirishi rejalashtirilgan yangi qonun loyihasi tadbirkorlikka asossiz aralashuvni cheklab, mulk daxlsizligi va yoshlar biznesini qo‘llab-quvvatlashni ko‘zda tutadi.

Tadbirkorlik faoliyatining asoslari va kafolatlari to‘g‘risida yangi qonun qabul qilinadi

Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan «Tadbirkorlik faoliyatining asoslari va kafolatlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Qonun loyihasida tadbirkorlik faoliyatining asosiy prinsiplari — qonuniylik, erkin faoliyat yuritish, mulk daxlsizligi, korrupsiyasiz muhit, insofli raqobat va davlat organlari bilan munosabatlarda tadbirkorlar huquqlarining ustuvorligi belgilangan.

Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari — kichik, o‘rta va yirik biznes toifalari, yakka tartibdagi va birgalikdagi tadbirkorlik, shuningdek tadbirkorlik birlashmalari tushunchalari aniq huquqiy asosga ega bo‘ladi. Biznesni tartibga solish vositalari — ro‘yxatdan o‘tkazish, litsenziyalash, davlat nazorati, raqobatni muhofaza qilish, majburiy sug‘urta kabi mexanizmlar qayta tizimlanishi belgilangan.

Yangi qonun tadbirkorlarning huquq va majburiyatlarini ham belgilaydi. Tadbirkor istalgan turdagi qonunda taqiqlanmagan faoliyatni amalga oshirish, tovar va xizmatlar narxini mustaqil belgilash, foydadan erkin foydalanish va bank hisobvaraqlaridan to‘siqsiz foydalanish huquqiga ega bo‘ladi. Bir vaqtning o‘zida mahsulot sifati, soliq va to‘lovlar intizomi, mehnat va ekologiya talablariga rioya etish majburiyatlari ham kuchaytirilgan.

Davlat organlari tomonidan tadbirkorlikka asossiz aralashuvni cheklash, tekshiruvlar sonini qisqartirish, sud orqali huquqni himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirish bo‘yicha alohida kafolatlar nazarda tutilgan. Zarar yetkazilgan taqdirda to‘liq qoplash tartibi ham huquqiy jihatdan mustahkamlanadi.

Qonun loyihasida ayollar va yoshlar tadbirkorligini, shuningdek ijtimoiy tadbirkorlikni rag‘batlantirish bo‘yicha maxsus normalar joy olgan. Ularga kredit, subsidiya va grantlar, soliq imtiyozlari hamda davlat xaridlarida ustuvorlik kabi qo‘llab-quvvatlash choralari belgilangan.

Ushbu hujjat qabul qilingach, 2026 yil 1-iyuldan kuchga kirishi ko‘zda tutilmoqda. Yangi hujjat amalga kirishi bilan amaldagi «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonun va yana 11 ta qonunchilik hujjati o‘z kuchini yo‘qotadi. Shu jumladan, bir qator hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.

Teglar

Mavzuga oid