add

Tadbirkorlik subyektlarini tekshirishda biznes-ombudsman bilan kelishilmaydi

05.01.2026 | 10:212 daqiqa

Biznes-ombudsman ijtimoiy tarmoqlarda tadbirkorlik faoliyati tekshiruvlarini o‘tkazishda biznes-ombudsman bilan kelishish talab etilishi haqida tarqalgan fikrlar yuzasidan izoh berdi.

Tadbirkorlik subyektlarini tekshirishda biznes-ombudsman bilan kelishilmaydi

Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni biznes-ombudsman bilan kelishish shart emas. Bu haqda Biznes-ombudsman ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan fikrlarga munosabat bildirib, rasmiy izoh berdi.

Izohga ko‘ra, Prezidentning tegishli farmoni asosida 2025 yil 1-yanvardan boshlab tadbirkorlik subyuektlari faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar «Yagona davlat nazorati» axborot tizimida ro‘yxatga olish orqali amalga oshiriladi. Bu jarayonda biznes-ombudsman tekshiruvlardan xabardor qilinadi, biroq ularni oldindan kelishish talabi mavjud emas.

Shu bilan birga, ayrim holatlarda tekshiruvlar maxsus tartibda o‘tkazilishi mumkin. Xususan, tekshiriladigan tadbirkorlik subyekti aniq bo‘lmagan hollarda yoki fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘i, jamoat xavfsizligi, davlat manfaatlari hamda atrof-muhitga zarar yetkazish xavfini zudlik bilan oldini olish zarurati tug‘ilganda, tekshiruvlar kechiktirilmasdan boshlanishi mumkin.

Bunday vaziyatlarda ham qonunchilik aniq talabni belgilaydi: tekshiruv boshlanganidan so‘ng 24 soat ichida «Yagona davlat nazorati» axborot tizimi orqali biznes-ombudsmanni xabardor qilish shart hisoblanadi. Bu tartib tezkor choralar ko‘rish bilan birga, nazoratning shaffofligini ta’minlashga qaratilgan.

Biznes-ombudsman instituti esa tekshiruvlarni muvofiqlashtiruvchi organ sifatida emas, balki ularning qonuniyligini monitoring qiluvchi tuzilma sifatida faoliyat yuritadi. Rasmiy izohda qayd etilishicha, mazkur mexanizm tadbirkorlarni asossiz tekshiruvlardan himoya qilish va davlat nazoratida qonuniylikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Avvalroq O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili (biznes-ombudsman) lavozimiga Abdumannop Abdurahmadovich Bo‘riyev tayinlan edi. 

Teglar

Mavzuga oid