Tadqiqot: Ukraina mehnat bozori urush zarbalariga bardosh berdi
Rossiyaning Ukrainaga qarshi to‘liq ko‘lamli urushi boshlanganidan to‘rt yil o‘tib, mamlakat mehnat bozori kutilmagan barqarorlikni namoyon etmoqda. «Rockwool Foundation» tadqiqotiga ko‘ra, Ukrainada ishsizlik darajasi urushdan oldingi ko‘rsatkichdan atigi biroz yuqori.

Berlindagi «Rockwool Foundation» tadqiqotiga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga qarshi to‘liq ko‘lamli bosqini boshlanganidan to‘rt yil o‘tgach, Ukraina mehnat bozori xavotirlarga qaramay kutilmagan barqarorlikni namoyon etmoqda. Urushning ilk oylarida 20 foizdan oshgan ishsizlik darajasi hozir taxminan 11 foizni tashkil etmoqda – bu urushdan oldingi ko‘rsatkichdan atigi bir necha foiz punktga yuqori.
Tahlilchilar ta’kidlashicha, 2024 yilga qadar kuzatilgan pasayishdan so‘ng real ish haqi (nominal maoshga sotib olish mumkin bo‘lgan tovar va xizmatlar hajmi) yana urushdan oldingi darajaga yetgan va hatto undan oshgan.
«Uzoq davom etadigan urushlarda g‘alaba ko‘pincha jang maydonida emas, zavodlarda qo‘lga kiritiladi. Ukraina mehnat bozori misli ko‘rilmagan silkinishlarga qaramay, bardosh berdi», – deydi Tadqiqot mualliflaridan biri, Milandagi Bokkoni universiteti professori Tito Boeri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda ekstremal sharoitda mehnat resurslarining «juda tez» qayta taqsimlanishi kuzatilgan.
Mehnatga layoqatli aholi chorakka qisqardi
2022 yil fevral oyida Rossiya bosqini boshlanganidan so‘ng, Ukraina mehnat bozori tarixiy darajadagi zarbaga uchradi. Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, faqat mamlakatni tark etgan mehnatga layoqatli aholi hisobiga 3 millionga yaqin ishchi kuchi yo‘qotilgan. Yana kamida 500 ming kishi harbiy xizmatga chaqirilgan, 150 ming kishi esa harbiy harakatlar natijasida halok bo‘lgan.
Tadqiqotda qayd etilishicha, hukumat nazoratidagi hududlarda mehnatga layoqatli aholi umumiy hisobda taxminan chorakka qisqargan.
Mehnat bozoridagi o‘zgarishlar
Urush boshlanganidan beri iqtisodiy faollik front chizig‘idan g‘arbiy hududlarga ko‘chdi, mudofaa sanoatida bandlik ko‘rsatkichlari oshdi. Tadqiqotchilar Ukraina mehnat bozorining barqarorligini ish haqi va yollash amaliyotidagi moslashuvchanlik, shuningdek, ofisdan tashqari ishlash imkoniyatlari bilan ham izohlaydi. Shuningdek, an’anaviy ravishda erkaklar ustun bo‘lgan sohalarda ayollar bandligining o‘sishi ham ijobiy omil bo‘lgan.
Ayni paytda Xalqaro valuta fondi 2026 yilda Ukraina iqtisodiyoti 4,5 foizga o‘sishini prognoz qilmoqda. 2022 yilda mazkur ko‘rsatkich chorakdan ko‘proqqa pasaygan edi, ammo shundan so‘ng yana o‘sishga qaytdi.





