
Tailand va Kambodjadagi to‘qnashuvlarda jabrlanganlar orasida o‘zbekistonliklar yo‘q — TIV
25.07.2025 | 13:0536982
24 iyul kuni Tailand va Kambodja harbiylari o‘rtasida sodir bo‘lgan qurolli to‘qnashuvlardan so‘ng O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi o‘z fuqarolarining holati yuzasidan rasmiy bayonot berdi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q.
O‘zbekiston TIV matbuot kotibi ta’kidlashicha, Bangkokdagi Bosh konsulxona ma’lumotlariga ko‘ra, Tailand va Kambodjada istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimiz sog‘-omon. Shuningdek, Tailandning poytaxti va sayyohlik markazlarida vaziyat barqaror, turistlar uchun xavf mavjud emas.
Vazirlik Tailand va Kambodja o‘rtasidagi chegarada yuzaga kelgan vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda. Bayonotda barcha tomonlar xalqaro huquq me’yorlariga rioya qilgan holda, nizoni tinch yo‘l bilan hal etishga chaqirildi.
Ahror Burhonov yurtdoshlardan Kambodja bilan chegaradosh hududlarga bormaslikni va rasmiy axborot manbalarini doimiy kuzatib borishni so‘radi. Zarur holatlarda Bangkokdagi Bosh konsulxonaga (+66-2) 675-3995 yoki (+66-2) 675-3996 raqamlari orqali murojaat qilish mumkin.
«Tashqi ishlar vazirligi fuqarolarimiz xavfsizligini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rishda davom etadi», — deyiladi rasmiy xabarda.





