
Taker Karlson: «Hech kim O‘zbekistonga borishdan qo‘rqmaydi»
18.06.2025 | 19:4541643
Amerikalik mashhur teleboshlovchi Taker Karlsonning ta’kidlashicha, odamlar O‘zbekistonga borishdan hech qanday xavotir olmaydi. U bu fikrni Telegram asoschisi Pavel Durov bilan suhbat chog‘ida bildirdi.

Teleboshlovchi Taker Karlson Telegram asoschisi Pavel Durov bilan suhbat davomida O‘zbekiston haqida ijobiy fikr bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mamlakatga borishdan hech kim qo‘rqmaydi.
Karlson shunday dedi: «Men O‘zbekistonni reklama qilmoqchi emasman, u yerda hech qachon bo‘lmaganman. Ammo men O‘zbekistonga borishdan juda qo‘rqaman, degan odamni hech qachon uchratmaganman».
Unga javoban Pavel Durov o‘tgan yozda O‘zbekistonda bo‘lganini va ushbu safardan mamnun bo‘lganini bildirdi.
Karlson va Durov dunyoda qaysi davlatlar haqiqatan xavfsiz ekanini muhokama qildi. Karlsonning ta’kidlashicha, qoloq va erkin bo‘lmagan davlatlar ko‘pincha xavfsizroq bo‘lib chiqadi.
Suhbat Pavel Durovning Fransiyada hibsga olingani bilan bog‘liq voqealarga bag‘ishlandi. U bunday holatlar biznes muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini va Yevropa davlatlariga bo‘lgan ishonchni pasaytirayotganini qayd etdi. Durovga ko‘ra, tadbirkorlar endi bunday mamlakatlarga borish xavfsizmi, degan savolni ko‘proq bera boshlagan.





