
Talabalarga ish topishda ko‘maklashuvchi «Karera» platformasi ishga tushiriladi
Yangi elektron platforma sun’iy intellekt orqali talabalar qobiliyatini tahlil qilib, ularni mos ish o‘rinlari bilan bog‘lashi rejalashtirilgan.

O‘zbekistonda 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlari talabalari hamda bitiruvchilari uchun mo‘ljallangan «Karera» elektron platformasi ishga tushiriladi. Bu haqda prezident farmoni loyihasida belgilangan.
Platforma mehnat bozorida talabalar, bitiruvchilar va ish beruvchilar o‘rtasidagi aloqani kuchaytirishga qaratilgan yagona onlayn maydon sifatida faoliyat yuritadi.
Farmon loyihasiga ko‘ra, platforma ta’lim va mehnat bozori o‘rtasidagi uzilishlarni qisqartirish, yoshlar bandligini oshirish hamda kadrlar tayyorlash sifatini bozor talablariga yaqinlashtirishga xizmat qiladi.
Aqlli tanlov tizimi
«Karera» elektron platformasida sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etiladi. Ular orqali talabalar va bitiruvchilarning qobiliyati, o‘zlashtirish darajasi va qiziqishlari tahlil qilinib, ularga eng maqbul vakant ish o‘rinlari taklif qilinadi.
Shu bilan birga, ish beruvchilarga ham talab va ehtiyojlariga mos nomzodlar avtomatik tarzda tavsiya etiladi. Bu kadr tanlash jarayonini tezlashtirish va inson omili ta’sirini kamaytirishni ko‘zda tutadi.
Platforma doirasida talabalar va bitiruvchilarni ish beruvchilar bilan suhbatga onlayn tayyorlash, intervyu jarayonlarini raqamlashtirish hamda ishga joylashish bosqichlarini masofadan turib boshqarish imkoniyatlari yaratiladi.
Keng qamrovli imkoniyat
Farmon loyihasida qayd etilishicha, «Karera» platformasi orqali 1,6 million nafar talaba va bitiruvchi uchun munosib kasb va ish o‘rni tanlash imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, 50 mingdan ortiq ish beruvchi platformaga integratsiya qilinishi rejalashtirilgan.
Bu orqali mamlakatda mehnat bozorining ochiqligi oshirilib, ish beruvchilar uchun malakali kadrlarni topish, yoshlar uchun esa barqaror ishga joylashish sharoitlari yaxshilanishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq talabalar o‘rtasida mahalla bosh rejasini ishlab chiqish bo‘yicha tanlov e’lon qilinishi haqida xabar bergan edik.





