add

Talimarjon stansiyasi sotildimi, 700 mln dollar qarzni kim to‘laydi?

02.06.2025 | 18:0049005

Amirliklarning «Mubadala» va «TAQA» kompaniyalari Talimarjon elektr stansiyasida 80 foiz ulushga ega bo‘ldi. Biroq 700 million dollarlik qarz va sotib olish shartlari atrofida hali ham ko‘p savollar mavjud.

Talimarjon stansiyasi sotildimi, 700 mln dollar qarzni kim to‘laydi?
O‘zbekistondagi yirik issiqlik elektr stansiyalaridan biri bo‘lgan Talimarjon stansiyasi atrofida qaytadan e’tibor qaratila boshlandi. OAVdagi ma’lumotlarga ko‘ra, BAAning ,«Mubadala» va «TAQA» kompaniyalari stansiyaning yangi tashkil etilgan Talimarjan Power Plant 1 qo‘shma korxonasida tegishli ravishda 40 foizdan ulushga ega bo‘ldi. Qolgan 20 foiz ulush esa «Talimarjan Issiqlik Elektr Stansiyasi» AJga tegishli bo‘ladi. Ushbu qo‘shma korxona 2023 yil 1 mart kuni 109,7 mln so‘m ustav kapitali bilan ro‘yxatdan o‘tgan. Unga Rossiyada elektr stansiyalarida ish tajribasiga ega bo‘lgan Sergey Tazin rahbarlik qilmoqda. Ob’ektni boshqarish uchun yana bir tashkilot — «Talimarjan Operations & Maintenance» ham tuzilgan va unda ham ulushlar xuddi shunday taqsimlangan. Eng e’tiborli jihat shundaki, yangi tashkil etilgan Talimarjan Power Plant 1 kompaniyasidan 25 yil davomida elektr energiyasini kafolatlangan ravishda O‘zenergosotish tomonidan sotib olish ko‘zda tutilmoqda. Bu shart qancha mablag‘ni o‘z ichiga olishi, to‘lovlar qaysi kurs va tartibda amalga oshirilishi haqida rasmiy ma’lumot mavjud emas. Biroq jamoatchilikni yanada ko‘proq qiziqtirayotgan masala — bu avvalroq ushbu stansiya uchun jalb qilingan 700 mln dollarlik kredit taqdiri. 2021 yilda ushbu mablag‘ va 240 mln dollarlik investitsiya bilan birga «Mubadala» va «TAQA» kompaniyalariga stansiya ulushi berilgani e’lon qilingandi. Endi esa yangi kelishuv bilan avvalgi shartlar o‘zgarganmi-yo‘qmi, noma’lum. Energetika vazirligi yoki Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hozircha ushbu yirik bitim yuzasidan rasmiy ma’lumot tarqatmadi. Stansiyaga qilingan sarmoya maqsadli ishlatildimi yoki samarasiz sarflandimi, 700 mln dollar qarzni kim va qay tartibda to‘laydi — bu ham ochiq qolgan savollardan biridir. Shuningdek, bitim doirasida qaysi quvvatdagi ob’ekt sotilgani — butun 1700 MVtli stansiyami yoki ta’miri yillar davomida cho‘zilgan, tanqidga uchragan yangi navbatmi, aniq emas. Xususiy sektorga yirik strategik aktivlar berilar ekan, toza va shaffof ma’lumot taqdim etilishi ayniqsa muhim.

Teglar

Mavzuga oid