Tashiyevdan keyin navbat vazirlarga: Japarov hukumatda yirik «tozalash» o‘tkazdi
Uch nafar vazir o‘z lavozimidan ayrildi. Qirg‘iziston prezidenti davlat to‘ntarishi uchun asoslar yo‘qligi haqida aytdi.

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov birdaniga hukumatning uch nafar a’zosini lavozimidan ozod etdi. Bu haqda ma’muriyat matbuot xizmati xabar berdi.
2020 yildan beri Favqulodda vaziyatlar vazirligini boshqarib kelgan Boobek Ajikeyev FVV rahbari lavozimidan olingan. Uning o‘rniga Urmatbek Shamirkanov vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan, uning nomzodi Jo‘qorg‘u Kenesh ko‘rib chiqishi uchun kiritilgan.
2024 yildan beri lavozimni egallab kelgan Transport va kommunikatsiyalar vaziri Absattar Sirgabayev ham iste’foga chiqarilgan. Uning o‘rnini vaqtinchalik Talantbek Soltobayev egalladi.
Uchinchi bo‘lib Tabiiy resurslar, ekologiya va texnik nazorat vazirligi rahbari, ushbu idoraga 2024 yil sentabr oyidan beri rahbarlik qilib kelayotgan Meder Mashiyev lavozimidan ayrilgan. Uning vazifasi vaqtincha Aqil Toktobayevga yuklatildi.
To‘ntarish haqidagi mish-mishlarga raddiya
Mamlakat prezidenti Sadir Japarov «Kabar» agentligiga bergan intervyusida Qirg‘izistonda davlat to‘ntarishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan vaziyat qayd etilmaganini bildirdi.
«Hech qanday to‘ntarish yoki shunga o‘xshash narsa bo‘lmaydi. Birinchidan, qonunlar bunga yo‘l qo‘ymaydi, ikkinchidan, bunday vaziyatning o‘zi mavjud emas», — dedi davlat rahbari.
Tashiyevning ketishi
Eslatib o‘tamiz, 10-fevral kuni Kamchibek Tashiyev Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi lavozimlaridan ozod etilgan edi.
Sadir Japarov Tashiyevning lavozimdan ozod etilishini: «Bu qadamning asosiy maqsadi davlat birligini mustahkamlash va jamiyatda, shu jumladan davlat organlari o‘rtasida bo‘lishi mumkin bo‘lgan bo‘linishlarni oldini olishdir», – deya tushuntirgan.




