
Tashkilotlar xodimlarida 563 mlrd so‘mlik soliq qarzdorligi aniqlangan
22.07.2025 | 17:453523
O‘zbekistonda 1 milliondan ortiq xodimning yer va mol-mulk soliqlari bo‘yicha qarzi 563,7 mlrd so‘mga yetdi. Bu ko‘rsatkich mamlakat soliq intizomiga jiddiy tahdid ekani ta’kidlanmoqda.

2025 yil 8 iyul holatiga ko‘ra, 214 mingdan ortiq tashkilotdagi xodimlar 1,2 mln soliq ob’ekti bo‘yicha soliq majburiyatlarini bajarmagan. Umumiy qarzning 348,2 mlrd so‘mini yer soliqlari, 215,5 mlrd so‘mini esa mol-mulk soliqlari tashkil etmoqda.
Qarzdorlik tarkibida tijorat tashkilotlari asosiy ulushga ega bo‘lib, ular hissasiga 433,7 mlrd so‘m to‘g‘ri keladi. Qolgani byudjet tashkilotlari (107 mlrd so‘m) va nodavlat-notijorat tashkilotlariga (23 mlrd so‘m) to‘g‘ri kelmoqda.
Sohalar kesimida eng katta qarz qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi sohasidagi tashkilotlarga to‘g‘ri kelib, bu ko‘rsatkich 107,3 mlrd so‘mni tashkil etmoqda. Sanoat (97,9 mlrd so‘m), savdo (66,3 mlrd so‘m), qurilish (63,5 mlrd so‘m) va tashish sohalarida ham yuqori miqdorda qarzlar yig‘ilgan.
Eng katta qarzga ega tashkilotlar sirasida «Temiryo‘llarinfratuzilma» AJ (6,5 mlrd so‘m), «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJ (6,3 mlrd so‘m) va «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ (5,7 mlrd so‘m) boshchilik qilmoqda.





