
TBC Bankda kuzatuv va boshqaruv tizimi yangilandi
TBC Bankda kuzatuv kengashi va tashkiliy tuzilma yangilandi. Yangi struktura tezkor boshqaruv, javobgarlik aniqligi va ichki ishlarni soddalashtirishni ko‘zlaydi.

2025 yil 10-noyabr kuni TBC Bank ATB Toshkentda navbatdan tashqari umumiy yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda bir qator muhim qarorlar qabul qilindi. Jumladan, bankning yangilangan tashkiliy tuzilmasi rasman tasdiqlandi. Unga ko‘ra, Bosh direktorga kerak hollarda bo‘lim va boshqarmalarni tuzish, ularni birlashtirish yoki tugatish vakolati berildi.
Bu o‘zgarishlar bankning ichki jarayonlarini soddalashtirish, qaror qabul qilishni tezlashtirish va javobgarlikni aniq chegaralash maqsadini ko‘zlaydi. Ya’ni, tashkilot ichida vazifalar taqsimoti endi ravshan bo‘ladi, funksiyalar o‘rtasidagi to‘siqlar kamayishi kutilmoqda. Bu esa innovatsion xizmatlarni ishga tushirish jarayonini tezlashtiradi.
Yig‘ilishda kuzatuv kengashi tarkibida ham o‘zgarish bo‘ldi: mustaqil a’zo Sharof Sharipov o‘z arizasiga ko‘ra vakolatlarini muddatidan oldin tugatdi. Bunday kadrlar almashinuvi kengashning ish uslubi va ustuvorliklarini qayta ko‘rib chiqishga yo‘naltirilgan bo‘lishi mumkin.
Boshqaruv tuzilmasidagi yangiliklar bankning kundalik faoliyatida ham sezilarli bo‘ladi. Mahsulot, IT, risk va mijozlar tajribasi kabi asosiy yo‘nalishlarda qarorlar «to‘g‘ri yo‘l» orqali qabul qilinadi. Bu esa ichki nazoratni susaytirmasdan, tezkor harakatlanishga zamin yaratadi.
Yig‘ilishdagi qarorlar TBC Bankning yaqin choraklarda intizomni kuchaytirish, bajarilish sur’atini oshirish va shffoflikni ta’minlashga qaratilgan amaliy qadamlari sifatida baholanmoqda.





