
TBC bankka sotilgan OLX: endi platformani qanday o‘zgarishlar kutadi
28.08.2025 | 18:4049559
Prosus Group tarkibidagi OLXning sotilishi global strategiya doirasidagi navbatdagi qadam bo‘lsa, TBC uchun bu mamlakatdagi ekotizimini kengaytirish va moliyaviy xizmatlarni elektron savdo maydonchasi bilan integratsiya qilish imkoniyatini yaratadi.

Endi platformada nasiya, bo‘lib to‘lash, sug‘urta va xavfsiz to‘lov xizmatlari bosqichma-bosqich joriy etilishi kutilmoqda.
London fond birjasida ro‘yxatdan o‘tgan TBC Bank Group («TBC PLC») O‘zbekistondagi eng yirik onlayn e’lonlar platformasi OLX O‘zbekistonning nazorat paketini sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bitim Prosusga qarashli OLX Group bilan imzolandi.
Qayd etilishicha, bitim Titan Investments xalqaro investitsiya holdingi bilan qo‘shma korxona orqali amalga oshirilgan. Bank matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ushbu kelishuv mamlakatda so‘nggi o‘ttiz yilda amalga oshirilgan eng yirik qo‘shilish va sotib olish jarayonlaridan biri hisoblanadi. Kelishuv yakunlanishi uchun zarur tartibga soluvchi organlardan ruxsat olinishi ku.
Shartnoma ko‘ra, natijada OLX Uzbekistan aksiyalarining 100 foizi QKga o‘tadi. TBC nazorat paketini (50 foiz + 1 aksiya), Titan Investments esa qolgan ulushni oladi. Sotuvchi Prosus tarkibiga kiruvchi OLX Group bo‘ldi.
Nega OLX Uzbekistan sotuvga qo‘yildi?
O‘zbekistondagi OLX 2015 yildan beri Prosus Niderlandiya kompaniyasiga tegishli bo‘lgan. OLX Uzbekistanʼning sotuvga qo‘yilishiga asosiy sabab Prosusning global investitsion strategiyasidir. Prosus doimiy ravishda turli mamlakatlardagi biznes loyihalarga kirib-chiqadi: sotib oladi, rivojlantiradi va qulay fursatda boshqa investorga sotib yuboradi. Bu kompaniya uchun oddiy «kirish–chiqish» modeli hisoblanadi.
Prosus bir necha yil avval OLX India va OLX Indonesiaʼni sotgan edi. Endi esa u O‘zbekiston bozoridan chiqishga qaror qildi. Sababi, Prosus uchun bu hudud strategik ustuvorlikka ega emas, kompaniya e’tiborini boshqa yirik va tez o‘sayotgan bozorlar hamda texnologik loyihalarga qaratmoqda.
Shuning uchun OLX Uzbekistan sotuvga qo‘yildi va yangi egasi sifatida TBC Bank Group hamda Titan Investments tanlandi. Ular OLXni nafaqat saqlab qolishni, balki o‘z ekotizimlari bilan uyg‘unlashtirib rivojlantirishni maqsad qilgan.
TBC bundan qanday foyda ko‘zlagan?
Ushbu kelishuv TBC O‘zbekistonga yangi mijoz segmentlariga chiqish imkonini beradi. OLX Uzbekistan mamlakatda eng ko‘p tashrif buyuriladigan oltinchi sayt bo‘lib, oyiga 5,4 million faol foydalanuvchi va 2,2 million faol e’lon bilan xizmatlar, tovarlar, transport va ko‘chmas mulk bozorida yetakchi maydoncha hisoblanadi. Platforma O‘zbekistonning faol internet foydalanuvchilarining 20 foizidan ortig‘ini qamrab oladi.
Eng oddiy misol: kimdir OLXda Iphoneʼni sotuvga qo‘ydi. Kimdir boshqa sotib olmoqchi, lekin puli yetmayapti. Mana bu yerga «Payme nasiya orqali bo‘lib to‘lashga sotib olish» tugmasini qo‘shish mumkin.
Bunday imkoniyatlar juda ko‘p: odamlar va kompaniyalar uchun kreditlar, sug‘urta, tahlil va boshqalar.
Ya’ni bir so‘z bilan aytganda, TBC ning asosiy maqsadi — kuchli ekotizimni yaratish.
TBC Uzbekistan bosh direktori Nika Kurdiani bitim haqida shunday dedi:
«bugungi kunda bizning ekotizimimiz 21 million noyob foydalanuvchini qamrab oladi – bu O‘zbekiston aholisi yarmidan ko‘prog‘ini tashkil etadi. Biz tezkor o‘sishda davom etyapmiz va mijozlarimizga moliyaviy hamda turmush ehtiyojlarini yagona qulay platforma orqali hal qilish imkonini yaratmoqdamiz. OLX Uzbekistanʼni sotib olish – kengayish va diversifikatsiya strategiyamizdagi navbatdagi mantiqiy qadamdir».
OLX da qanday o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda?
OLXni TBC Bank Group sotib olganidan keyin platforma oddiy e’lonlar saytidan yanada rivojlangan elektron savdo maydoniga aylanishi kutilmoqda. Endi xaridorlar mahsulotni nafaqat bir yo‘la to‘lab olish, balki TBC va Payme orqali bo‘lib to‘lash yoki nasiya asosida xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu esa platformadagi savdolar hajmini sezilarli oshiradi.
Shuningdek, qimmatbaho mahsulotlar uchun sug‘urta xizmatlari joriy etilishi, bitimlarning xavfsizligi esa maxsus to‘lov vositalari orqali kuchaytirilishi mumkin.
TBC ekotizimiga kirish Payme, TBC Sug‘urta, BILLZ kabi xizmatlar bilan uyg‘unlashuv natijasida OLX nafaqat jismoniy shaxslar, balki kichik va o‘rta bizneslar uchun ham samarali vositaga aylanadi. Bu integratsiya orqali sotuvchilar ko‘proq mijozga chiqish, xaridorlar esa qulayroq va ishonchliroq xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Umuman olganda, TBC oddiy mulkdor sifatida emas, balki strategik investor sifatida OLXni faol rivojlantirishga mablag‘ kiritayotgani sababli, platformada uzoq vaqtdan beri kutilayotgan yangiliklar va qulayliklar bosqichma-bosqich joriy qilinishi ku.
Mehrinoza Farmonova tayyorladi.





