
Tehron meri: namoyishchilar 50 dan ortiq masjid va bankni vayron qildi
Tehrondagi ommaviy norozilik namoyishlari davomida namoyishchilar o‘nlab bank va masjidlarni vayron qildi, rasmiylar tartibsizliklar tashqi kuchlar tomonidan qo‘zg‘atilganini aytmoqda.

Eron poytaxti Tehronda davom etayotgan ommaviy norozilik namoyishlari paytida namoyishchilar 26 ta bank va 25 ta masjidni vayron qilgan. Bu haqda shahar meri Alirizo Zakoniy ma’lum qildi. Uning so‘zlarini TRT Arabi keltirmoqda.
Zakoniyning aytishicha, tartibsizliklar davomida 24 ta turar joy, ikki shifoxona ham talon-toroj qilingan. Shuningdek, 48 ta o‘t o‘chirish mashinasi yoqib yuborilgan. Mer jamoat mulkiga yetkazilgan zarar uchun «chet ellik dushmanlar»ni ayblab, ular yoshlarni qo‘zg‘atib, mamlakatda beqarorlik keltirib chiqarayotganini ta’kidladi.
Shimoliy Xuroson viloyati prokuraturasi ham alohida hodisa haqida ma’lum qildi. Bayonotga ko‘ra, turli hududlardan kelgan provokatorlar prokuror Ali Akbar Hazinzoda va xavfsizlik xodimlari bo‘lgan avtomobillar kolonnasiga o‘t qo‘ygan. Namoyishchilar o‘t o‘chirish xizmatlarining ishiga to‘sqinlik qilgan, natijada prokuror va uning qo‘riqchilari halok bo‘lgan. Hokimiyat ushbu hodisa bo‘yicha aybdorlarni qidirish uchun tergov boshlagan.
Erondagi norozilik aksiyalari 28-dekabr kuni Tehronning asosiy bozorida boshlangan. Ilk kunlarda aksiyalarga do‘kon egalari va talabalar qo‘shilib, milliy valuta kursining keskin pasayishi va narxlar o‘sishiga e’tiroz bildirgan. Keyinchalik namoyishlar boshqa shaharlarga ham tarqalgan. Namoyishlar fonida Markaziy bank raisi Muhammad Farzin iste’foga chiqqan.
«Human Rights Activists News Agency» ma’lumotlariga ko‘ra, 8-yanvar holatiga tartibsizliklar oqibatida kamida 42 namoyishchi va sakkiz nafar xavfsizlik xodimi halok bo‘lgan, qo‘lga olinganlar soni 2,2 ming kishidan oshgan. Oliy rahbar Ali Xomanaiy namoyishchilarni AQSH prezidenti Donald Tramp manfaatlari uchun harakat qilayotganlikda ayblagan.
7-yanvar kuni «Fox News» Eronning Iroq chegarasiga yaqin Abdanan shahri namoyishchilar nazoratiga o‘tgani haqida xabar bergan. Bu haqda «National Council of Resistance of Iran» ham ma’lumot tarqatgan. Shuningdek, Molikshohiy shahrida ham nazorat yo‘qotilgani aytilmoqda.





