
Telegram foydalanuvchilar uchun reyting tizimini joriy etmoqda
25.07.2025 | 13:1523173
Telegram platformasi foydalanuvchilar uchun yangi reyting tizimini joriy qilishni boshladi. U orqali har bir akkauntning darajasi, to‘lov qobiliyati va faollik ko‘rsatkichi baholanishi mumkin bo‘ladi.
«Kod Durova» nashri ma’lum qilishicha, reyting tizimi dastur kodlarida bir necha kun oldin aniqlangan va hozirda sinov tartibida ishga tushirilmoqda. Yangi funksiya orqali foydalanuvchi profilidagi maxsus belgini bosish orqali o‘z darajasini bilib olishi mumkin.
Belgini bosganda «Profil darajasi foydalanuvchining to‘lovlari ishonchliligini ko‘rsatadi» degan xabar paydo bo‘ladi. Hozircha ushbu funksiya Telegram'ning sinov serverlarida ishlayapti.
Yangi tizimda foydalanuvchi tomonidan xarid qilingan, sovg‘a qilingan yoki sarflangan har 1000 dona Yulduz uchun reyting oshadi. Daraja qanchalik yuqori bo‘lsa, akkaunt Telegram’dagi ayrim imkoniyatlardan foydalanishda kengroq huquqlarga ega bo‘ladi.
Telegramning bu funksiya orqali foydalanuvchilarning to‘lov qobiliyati va platformadagi ishonch darajasini baholash, shuningdek, sovg‘alarni xarid qilishda muayyan cheklovlarni kiritish rejasi borligi ma’lum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Telegram yoshni yuz orqali aniqlash funksiyasini ham sinashni boshlagan. Bu kelgusida yoshga oid cheklovlar bilan xizmatlardan foydalanishni nazorat qilishga yordam berishi mumkin.





