«Telegram» Rossiyada jarimaga tortildi

Bugun 17:202 daqiqa

Sud «Telegram» messenjeriga Rossiyada taqiqlangan kontentni o‘chirmagani uchun 35 mln rubl jarima belgiladi.

«Telegram» Rossiyada jarimaga tortildi

Moskvadagi Taganka rayoni sudi «Telegram» messenjerini Rossiyada taqiqlangan kontentni o‘chirmagani uchun aybli deb topdi. Bu haqda bugun, 16-mart kuni «Interfaks» xabar berdi.

«Telegram Messenger Inc.»ga umumiy 35 mln rubl miqdorida ma’muriy jazo tayinlansin», – deyiladi sud qarorida.

Messenjer besh protokol bo‘yicha aybli deb topildi, bu Rossiyaning Ma’muriy javobgarlik kodeksining 13.41-moddasi, 4-qismiga muvofiq, ekstremistlik faoliyatiga chaqiruvlarni o‘z ichiga olgan ma’lumot yoki internet-sahifalarni, voyaga yetmagan shaxslar bilan bog‘liq pornografik tasvirlar va/yoki ularni pornografik xarakterdagi ko‘rgazmali tadbirlarda ishtirokchi sifatida jalb qilish haqidagi e’lonlarni o‘chirmaslik.

2026-yil 10-fevralda Roskomnadzor matbuot xizmati «Telegram» Rossiyadagi faoliyati o‘tgan yil avgustdan cheklanganiga qaramay, mamlakat qonunchiligi talablariga hali ham rioya qilmayotganini bildirgan edi. Shu sababli messenjer faoliyati cheklanishi davom ettiriladi.

So‘nggi yillarda eng yirik internet xizmatlari – «Google», «Apple», «Telegram», «Facebook», «Twitter», «TikTok», «Wikimedia» – Rossiyada taqiqlangan kontentni o‘chirmagani uchun bir necha marotaba javobgarlikka tortilishi kuzatilgan.

To‘liq blokirovka xavfi

Yaqin istiqbolda «Telegram»ning Rossiyadagi taqdiri noaniqligicha qolmoqda. «RBK» va «The Bell» nashrlarining Kremlga yaqin manbalarga tayanib xabar berishicha, 2026-yil 1-apreldan boshlab messenjer Rossiya hududida to‘liq bloklanishi mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, faqat Ukrainadagi harbiy harakatlar zonasida aloqa va muvofiqlashtirish uchun istisno qilinishi kutilmoqda. Ushbu keskin choralar fonida foydalanuvchilarning mahalliy «Max» messenjeriga o‘tish sur’ati yanada tezlashishi prognoz qilinmoqda.

«Telegram» ma’muriyati hukumatni foydalanuvchilarni «MAX» nomli davlat nazoratidagi ilovaga o‘tishga majburlash uchun platforma faoliyatini sun’iy cheklashga urinishda aybladi.

Teglar

Mavzuga oid