
«Temu»ning Xitoylik egasi savdo urushi fonida yarim barobar daromad yo‘qotdi
28.05.2025 | 13:3030093
«Temu» onlayn-savdo platformasiga egalik qiluvchi Xitoyning «PDD Holdings» kompaniyasi 2025 yilning birinchi choragida foydasining 47 foizga kamayganini ma’lum qildi. Bu AQSH bilan savdo urushining kuchayishi va ichki bozordagi raqobat oqibatida yuz berdi.

AQSHda birjada sotiladigan kompaniya aksiyalari seshanba kuni 13 foizdan ortiqqa pasaydi. Ushbu davrda «PDD Holdings» foydasi 14,74 milliard yuanni (2,05 milliard dollar) tashkil etdi.
May oyida Donald Tramp ma’muriyati 800 dollargacha bo‘lgan yuklarga bojxona imtiyozini (de minimis) bekor qildi.
Natijada «Temu» va «Shein» kabi kompaniyalar har bir kichik yuk uchun 120 foizgacha bojxona to‘lovi to‘lashga majbur bo‘ldi.
«Temu» AQSH mijozlariga Xitoydan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuborishni to‘xtatdi.
Yevropa Ittifoqi 2 yevrolik yangi to‘lovni joriy etishni taklif qilmoqda. Bu milliardlab kichik yuklarga tegishli bo‘ladi.
Britaniya moliya vaziri Reychel Rivz bojxona qoidalarini qayta ko‘rib chiqishni ma’lum qildi. Bu mahalliy chakana savdogarlar shikoyatlaridan so‘ng amalga oshirilmoqda.
«PDD» raisi Chen Ley tariflar va tashqi siyosiy muhitdagi keskin o‘zgarishlar kompaniya faoliyatiga jiddiy ta’sir qilganini tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH-Xitoy savdo urushidan sotuvchilar ham katta bosim ostida qolmoqda.
Vashington va Pekin o‘rtasidagi munosabatlar biroz barqarorlashgach, kichik yuklarga qo‘yilgan bojxona to‘lovlari 90 kunlik muddatga ikki barobarga qisqartirildi. Biroq, bu yengillik ham vaqtincha ekanligi ma’lum qilindi.





