
Termizga snaryad otgan shaxs 16 yilga qamaldi
30.06.2025 | 14:308293
2022 yilda Afg‘onistondan Termizga snaryad otgan Obid Saparov Pokistonda qo‘lga olinib, O‘zbekistonga qaytarildi. Sud hukmiga ko‘ra, u 16 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

2022 yil 5 iyul kuni Afg‘oniston hududidan Termiz shahriga beshta reaktiv snaryad otilgan edi. Snaryadlar portlamagan bo‘lsa-da, to‘rtta xonadon va bir sport maydoniga shikast yetkazgan. O‘sha hodisa ortidan olib borilgan surishtiruv natijasida hujum ishtirokchisi Obid Saparov Pokistonda qo‘lga olinib, O‘zbekistonga olib kelindi.
Toshkent shahri Yakkasaroy tuman sudi 2025 yil 26 iyun kuni Saparovni jinoyat kodeksi bo‘yicha aybli deb topib, 16 yillik qamoq jazosini tayinladi. Sud hujjatlariga ko‘ra, Saparov 2013 yilda Qashqadaryo viloyatida «Jihodchilar» jamoasiga qo‘shilgan va keyinchalik Pokistonga borib, «Turkiston islom harakati» va «Islom davlati Xuroson viloyati» saflarida faoliyat yuritgan.
Saparov qurol-yarog‘ va portlovchi moddalarni tayyorlashni o‘rgangan, Afg‘onistondagi jangovar harakatlarda qatnashgan. U Pokiston va Afg‘oniston hududida bir necha terroristik harakatlarda ishtirok etgan. 2022 yilda Termiz shahriga raketa snaryadlari otishda ham faol ishtirok etgani aniqlangan.
Pokistonda qo‘lga olingan Saparov 2025 yil 24 yanvar kuni O‘zbekistonga olib kelingan va sud jinoyatlarni to‘liq isbotlagan. Sud jarayonida u qilmishidan pushaymonligini bildirib, yengilroq jazo so‘ragan bo‘lsa-da, uning harakatlari og‘ir jinoyat sifatida baholangan.
Saparov O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksidagi bir qator og‘ir moddalar bilan aybli deb topildi va jazolarni qisman qo‘shish orqali 16 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Unga terrorizm, konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz, qo‘poruvchilik, diniy ekstremizm va jamoat xavfsizligiga tahdid solish ayblari yuklandi.





