
Tesla Fransiyada sotuvlarining 67 foizini yo‘qotdi
03.06.2025 | 16:2025902
2025 yil may oyida Tesla Fransiyada bor-yo‘g‘i 721 ta mashina sotgan — bu 2022 yil iyulidan beri eng past ko‘rsatkich bo‘lib, Model Y’ning yangilangan versiyasi ham tushishni to‘xtata olmadi.

Bloomberg’ning yozishicha, may oyi yakunlariga ko‘ra, Tesla Fransiyadagi avtomobil sotuvida 67 foizlik pasayishni qayd etdi. Joriy yilning beshinchi oyida kompaniya 721 ta avtomobil sotgan bo‘lib, bu so‘nggi uch yil ichidagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.
Kompaniyaning Model Y modeli yangilangan holda bozorga chiqarilganiga qaramasdan, u ham talabni tiklashga yordam bermagan. Tesla aksiyalari asosiy savdolar boshlanishidan avval 2,3 foizga pasaydi, yil boshidan buyon esa ular 14 foizga arzonlashgan.
Ilon Maskning ta’kidlashicha, kompaniyaga antikrizis rejaning zaruriyati yo‘q, chunki Tesla «to‘g‘ri yo‘lga qaytgan». U Yevropa bo‘ylab barcha avtoishlabchiqaruvchilar sotuvda qiyinchilikka duch kelayotganini bildirgan. Biroq Volkswagen, Renault va BMW kabi brendlar yil boshidan beri yetkazib berish ko‘rsatkichlarini oshirgan.
Fransiya Yevropada Germaniyadan keyingi eng katta elektromobil bozori hisoblanadi. 2025 yil may oyi oxiriga kelib, mamlakatda Tesla sotuvlari umumiy hisobda 47 foizga kamaygan.





