
«TikTok» AQSHdagi bo‘linmasi aksiyalarining yarmini sotdi
«Oracle», «Silver Lake» va «MGX» kabi yangi investorlar TikTok’ning AQSHdagi kompaniyasi aksiyalarining 50 foiziga egalik qiladigan bo‘ldi. Xitoyning «ByteDance» kompaniyasi esa aksiyalarning 19,9 foizini nazorat qiladi.

«TikTok» platformasiga egalik qiluvchi Xitoyning «ByteDance» texnologik kompaniyasi AQSHdagi bo‘linmaning bir qismini AQSHlik investorlarga o‘tkazish bo‘yicha kelishuvni yakunladi. Bu haqda «Bloomberg» agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, «Oracle», «Silver Lake» va «MGX» kabi yangi investorlar «TikTok»ning AQSHdagi kompaniyasi aksiyalarining 50 foiziga egalik qiladi. «ByteDance»ning mavjud investorlari 30,1 foizni, bevosita «ByteDance» esa 19,9 foizni nazorat qiladi.
Agentlik aniqlashicha, amerikalik vakillarning ishtiroki «TikTok»da kontentni moderatsiya qilish va AQSH foydalanuvchilarining ma’lumotlarini himoya qilish imkonini beradi. Bo‘linmaning yangi direktorlar kengashi yetti nafar a’zodan iborat bo‘lib, ularning ko‘pchiligi AQSH fuqarolaridir. «ByteDance» esa «TikTok»ning AQSHdagi reklama bo‘linmasi hamda «TikTok Shop» elektron tijorat bo‘linmasi ustidan nazoratni saqlab qoladi.
AQSH Prezidenti Donald Tramp «Truth Social» ijtimoiy tarmog‘ida endilikda «TikTok» «ulug‘ amerikalik vatanparvarlar va investorlar guruhi»ga tegishli bo‘lishini yozdi. U Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Jinpingga kelishuvni ma’qullagani uchun minnatdorlik bildirdi.
«U boshqacha yo‘l tutishi mumkin edi, ammo bunday qilmadi va uning qarori e’tirofga loyiq», — deb qo‘shimcha qildi Tramp.
«TikTok»ni taxminan 200 million nafar amerikalik foydalanuvchi ishlatadi. 2024 yilda AQSH Kongressi «ByteDance» «TikTok»ni sotmasa, platformani bloklash to‘g‘risida qonun qabul qildi. Bunga sabab sifatida Xitoy hukumati ma’lumotlarga kirish imkoniyatini suiiste’mol qilishi yoki ilovadan Pekin ma’qul ko‘radigan narrativlarni ilgari surish uchun foydalanishi mumkinligi haqidagi xavotirlar ko‘rsatildi. Dastlab sotuv bo‘yicha kelishuv 2025 yil yanvarga qadar tuzilishi kerak edi, ammo AQSH prezidenti Donald Tramp kelishuvni yakunlash muddatini bir necha bor uzaytirdi.





