Logo

TIV O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilari tekshirilgani yuzasidan AQSHdan izoh so‘radi

AQSHda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolarining o‘rtoqlik uchrashuvi oldidan O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilari va murabbiylari qat’iy xavfsizlik tekshiruvidan o‘tkazilgan edi. Tashqi ishlar vazirligi holat yuzasidan Vaqt.uz'ga munosabat bildirdi.

TIV O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilari tekshirilgani yuzasidan AQSHdan izoh so‘radi © Ijtimoiy tarmoqlar

AQSHning Nyu-York shahrida O‘zbekiston va Niderlandiya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi oldidan o‘zbek delegatsiyasi a’zolariga nisbatan amalga oshirilgan xavfsizlik tekshiruvlari yuzasidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasi orqali AQSHning tegishli idoralari bilan aloqa o‘rnatgan. Shuningdek, vaziyatga oid rasmiy tushuntirish berish so‘ralgan.

«Har qanday xavfsizlik choralari davlatlarning ichki qoidalariga muvofiq amalga oshirilishini tushunish bilan qabul qilgan holda, bunday jarayonlar sport tadbirlarining ruhiga, jumladan o‘zaro hurmat va do‘stona munosabatlarga putur yetkazmasligini muhim, deb hisoblaymiz», dedi Omonulla Fayziyev.

Ijtimoiy tarmoqlarda muhokama

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda 8-iyun kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuv oldidan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari qo‘l metallodetektorlari yordamida tekshirilgani aks etgan videolar tarqalgandi. Xavfsizlik xodimlari futbolchilar va murabbiylardan sumkalar hamda sport anjomlarini yerga qo‘yishni so‘ragan. Hududda xizmat iti bilan kinolog va boshqa xavfsizlik xodimlari ham bo‘lgan.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro mazkur tekshiruvlarni odatiy xavfsizlik amaliyoti sifatida baholadi.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi esa tekshiruv xavfsizlik talablari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini qayd etib, delegatsiya bunday tartibni kutmaganini ma’lum qilgan.

Hozircha AQSH tomonidan holat yuzasidan rasmiy izoh berilmagan.

Teglar

Mavzuga oid