add

Tojikistonda ajrashish qiynlashdi

03.10.2025 | 19:2035864

2025 yil 1 oktyabrda Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon nikohdan ajralib chiqish jarayoni narxini oshirishni ko‘zda tutuvchi davlat boji to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartishlar kiritish haqidagi hujjatni imzoladi. Bu haqda Asia-Plus nashri xabar berdi.

Tojikistonda ajrashish qiynlashdi
Yangi tartibga ko‘ra, turli holatlarda ajrashish uchun to‘lov quyidagicha belgilandi: turmush o‘rtoqlardan birining iltimosiga ko‘ra – 75 somoniydan 150 somoniygacha, qo‘shma ariza orqali – 375 somoniydan 750 somoniygacha, sud qarori bilan esa – 525 somoniydan 1050 somoniygacha. Qonun rasmiy e’lon qilinganidan keyin kuchga kiradi. Parlament vakillari yig‘imning oshirilishini oilalarda ajrimlar sonini qisqartirish maqsadi bilan izohladi. Adliya vaziri Muzaffar Ashuriyon ajrimlar soni yuqoriligicha qolmoqda, deb ta’kidlagan. Xotin-qizlar va oila masalalari qo‘mitasi raisi Bunafsha Fayziddinzoda esa bunga asosiy sabab sifatida erta turmushlar, yosh ayollarning oilaviy hayotga tayyor emasligi va yigitlarning tayyorgarligi yetarli emasligini ko‘rsatgan. Tojikistonda nikohni bekor qilishning ikki yo‘li mavjud: agar turmush o‘rtoqlar o‘zaro rozi bo‘lsa va voyaga yetmagan farzandlari bo‘lmasa, FHDYO orqali ariza berish mumkin. Bunday holda nikoh bir oydan keyin bekor qilinadi. Agar esa taraflardan biri rozi bo‘lmasa yoki farzandlar va mulk bilan bog‘liq nizolar mavjud bo‘lsa, jarayon faqat sud orqali amalga oshiriladi. Sud qarori chiqarilgandan so‘ng nikoh rasman FHDYO organida qayd etilganidan keyin buzilgan hisoblanadi. Agar voyaga yetmagan farzandlar bo‘lsa, sud taraflarga olti oygacha yarashish imkoniyatini beradi. Shuningdek, mulk bo‘linishi bolalar manfaati va tomonlarning moliyaviy ahvolidan kelib chiqib hal qilinadi. Tojikiston Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–iyun oylarida qayd etilgan ajrimlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,5 foizga kamayib, 4047 juftlikni tashkil etdi. Eng yuqori ko‘rsatkich So‘g‘d viloyatida qayd etilgan bo‘lib, bu yerda har 1000 kishiga 1,1 ta ajrim to‘g‘ri kelgan.

Teglar

Mavzuga oid