
Tokioda yozda suv uchun to‘lovlar olinmaydi
21.05.2025 | 11:2020153
Tokio hukumati bu yozda kutilgan yuqori haroratlarga qarshi kurashish maqsadida aholining asosiy suv to‘lovlarini to‘rt oy davomida to‘liq qoplashga qaror qildi. Bu orqali odamlarni konditsionerdan foydalanishga rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan.

Tokio shahrida bu yozda aholi uchun asosiy suv to‘lovlari bekor qilinadi. Tokio metropoliyasi hukumati ushbu chora orqali kutilgan yuqori haroratlarning salbiy ta’sirini yumshatishni maqsad qilgan.
Mahalliy hukumat ushbu maqsad uchun 36 milliard iyena (taxminan 250 million dollar) mablag‘ ajratgan. Loyiha to‘rt oy davom etadi va bu davrda aholidan suvning asosiy tariflari undirilmaydi. Gubernator Yuriko Koikening ta’kidlashicha, «har qanday issiqda ham tokioliklar tinch hayot kechirishini ta’minlash kerak» .
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yozda Tokioda issiq o‘tgani sababli 263 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Ko‘p hollarda jabrlanuvchilar konditsionerga ega bo‘lsa ham, yuqori xarajatlardan qo‘rqib undan foydalanmagan.
Tokio yong‘in xizmati ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yozda yopiq binolarda issiq o‘tgan holatlardagi o‘limlarning 60 foizida konditsioner ishlatilmagan. Shu bois, hukumat suv to‘lovlarini yengillashtirib, odamlarni konditsioner va boshqa sovitish usullaridan foydalanishga rag‘batlantirmoqda.
Tokioda 7 milliondan ortiq xonadon va 14 millionga yaqin aholi yashaydi. Mamlakat o‘tgan yili o‘z tarixidagi eng issiq yozni boshdan kechirdi. Iyun-sentyabr oylarida 8 mingga yaqin kishi issiq sababli kasalxonaga yotqizilgan, ularning aksariyati keksa insonlar ekani qayd etilgan.





