
To‘qayev Rossiya bilan munosabatlar shunchaki siyosiy xushmuomalalik emasligini aytdi
Putin va To‘qayevning norasmiy uchrashuvi 2,5 soatdan ortiq davom etdi. Ikki davlat kelajakda «Rosatom» bilan atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha muhim kelishuvlarni imzolaydi.

Bugun, 12-noyabr kuni Qozog‘iston va Rossiya prezidentlari muzokara o‘tkazdi. Qozog‘iston rahbari Qosim-Jomart To‘qayev Vladimir Putinga favqulodda mehmondo‘stligi uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
«Tashrifimiz davomida Rossiya tomonining ushbu tadbirga puxta tayyorgarlik ko‘rganini, uning eng mayda jihatlarigacha o‘ylab chiqqanini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Bizning uchun Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi, shubhasiz, joriy yilning eng muhim voqeasi hisoblanadi. Bunga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik, vazirlik va idoralar o‘rtasida maslahatlashuvlar o‘tkazdik, chunki hamkorligimiz ko‘lami haqiqatan ham beqiyosdir. Rossiya Federatsiyasi bilan aloqada bo‘lmagan va hamkorlik qilmagan birorta sohamiz yo‘q», - dedi To‘qayev.
Qozog‘iston prezidenti ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari shunchaki so‘z o‘yini yoki siyosiy xushmuomalalik emas, balki hamkorlikning asl mohiyati ekanini ta’kidladi.
«Ikki tomonlama munosabatlarimizda hech qanday muammo yo‘qligini mamnuniyat bilan qayd etamiz. Barcha sohalar yetarlicha muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Tovar ayirboshlash hajmini 30 milliard dollarga yetkazish vazifasini qo‘ydik. Bu juda ham real ko‘rsatkich deb o‘ylayman. Yaqin kelajakda biz ko‘zlangan maqsadga erishamiz», - deya ishonch bildirdi Qozog‘iston prezidenti.
Shuningdek, To‘qayev Rossiya bilan atom energetikasi sohasidagi hamkorlikni ta’kidlab, mamlakatlar «Rosatom» bilan hamkorlikda atom elektr stansiyasini qurishga yo‘l ochadigan g‘oyat muhim kelishuvlarni imzolashga yaqin ekanligini aytdi.
«Bu haqiqatan ham muhim voqea, tub burilish loyihasidir. Gap nafaqat stansiyaning o‘zini qurish, balki yangi kompetensiyalar sohasini yaratish haqida ketmoqda», - deya qo‘shimcha qildi u.





