
To‘qayev Trampga javob xati yozdi
10.07.2025 | 19:2110123
AQSH Qozog‘istondan kelayotgan tovarlarga 25 foizlik boj joriy etish niyatida. Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev bu qarorga javoban Donald Trampga maktub yo‘lladi.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev AQSH prezidenti Donald Trampga Qozog‘iston tovarlariga joriy etiladigan 25 foizlik bojlar yuzasidan javob maktubi yo‘lladi. Bu haqda Oqo‘rda xabar berdi.
Oqo‘rda ma’lumotlariga ko‘ra, davlat rahbari Qozog‘istonning AQSHning ko‘p yillik savdo va investitsiya hamkori sifatida adolatli, barqaror va o‘zaro manfaatli savdo aloqalarini rivojlantirishga sodiq ekanini ta’kidlagan.
«Qozog‘iston Prezidenti mamlakatimizning savdo masalalarini oqilona hal etish maqsadida konstruktiv muloqotni davom ettirishga tayyorligini bildirdi. Qosim-Jo‘mart To‘qayev savdo muammosi yuzasidan kelishuvga erishilishiga ishonch bildirdi», - deyiladi xabarda.
AQSHning Qozog‘istonga nisbatan 25 foizlik o‘zaro savdo bojlarini joriy etishi haqidagi xabar Donald Trampning ijtimoiy tarmoqlardagi e’loni asosida tarqalgan.
Ma’lumot uchun, 7 iyul kuni Donald Tramp bir qator davlatlar rahbarlariga 1 avgustdan boshlab yangi bojlar joriy etilishi haqida rasmiy maktub yo‘llagan edi. Shu maktublardan biri Qosim-Jo‘mart To‘qayev nomiga ham yuborilgan bo‘lib, unda Qozog‘iston mahsulotlariga 25 foizlik import bojlari joriy qilinishi tilga olingan.
Qozog‘iston Savdo vazirligi Trampning qaroridan so‘ng Oq uyga rasmiy takliflar yuborganini ma’lum qildi. Vazirlikning bildirishicha, yangi bojlar Qozog‘istonning AQSHga eksportining 95 foiziga ta’sir qilmaydi. Neft, uran, kumush, ferroqotishmalar, tantal va titan kabi asosiy eksport tovarlari ushbu bojlar ro‘yxatiga kirmagan.





