
To‘qimachilik sanoatiga reklama xarajatlari qoplab beriladi
29.09.2025 | 14:1511602
To‘qimachilik sanoati korxonalariga xalqaro «marketpleys»larda reklama xarajatlarini bir oy ichida qaytarib berish mexanizmlari joriy etildi.

«Savdoni rivojlantirish kompaniyasi» AJ tomonidan to‘qimachilik sanoati korxonalari uchun xalqaro «marketpleys»larda reklama qilishda bir oyda haqiqiy xarajatlar qoplab beriladi.
Korxona amalga oshirgan eksport hajmiga qarab qoplanadigan mablag‘ miqdori belgilanadi. Masalan, 25 ming dollardan yuqori eksportda 5 ming dollargacha, 50 ming dollardan oshsa 10 ming dollargacha qoplab beriladi.
Shuningdek, 225 ming dollardan yuqori eksport qilgan kompaniyalar 15 ming dollargacha, 400 ming dollardan ortiq eksport amalga oshirgan korxonalar esa 20 ming dollargacha kompensatsiya olishi mumkin.
Moliyaviy qo‘llab-quvvatlashdan foydalanish uchun to‘qimachilik korxonalari maxsus elektron platforma orqali ariza topshirishi kerak. Murojaatlar https://subsidiya.epauzb.uz
portali orqali qabul qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 19 sentyabrdagi PF–174-sonli farmoni bilan O‘zbekistonda yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tuzildi. Agentlik to‘qimachilik, charm-poyabzal, ipakchilik va gilamchilik sanoati sohalarida ustuvor yo‘nalishlarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat organi sifatida faoliyat yuritadi.





