add

Toshkent aeroportida yangi kelish zali va ochiq terrasa ishga tushirildi

29.10.2025 | 12:221802

Toshkent xalqaro aeroportida rekonstruksiyaning navbatdagi bosqichi yakunlandi. Yangi kelish zali, ochiq terrasa va kengaytirilgan VIP jo‘nash zali yo‘lovchilar uchun zamonaviy qulayliklar yaratdi.

Toshkent aeroportida yangi kelish zali va ochiq terrasa ishga tushirildi

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida rekonstruksiyaning navbatdagi bosqichi yakunlandi. Aeroportida amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlari doirasida kelish zali tubdan yangilanib, hudud 2200 metr kvadratga kengaytirildi. 

Bajarilgan ishlar natijasida 200 ta o‘rindiqqa ega kutib olish zali maydonining umumiy hajmi qariyb 5000 metr kvadratga yetdi. Yangi hududda yaqin kunlarda qahvaxona, muzqaymoq va gul do‘konlari, hamda alkogolsiz ichimliklar barlari ish boshlaydi.

Toshkent xalqaro aeroporti direktori Jasur Po‘latov uchib kelish zali ichida amalga oshirilgan ishlar haqida ham gapirib berdi.

Loyiha doirasida aeroport oldidagi yo‘llar ham qayta qurildi. Bu esa aeroportga yaqinlarini kutib olish uchun kelgan fuqarolar va taksi haydovchilariga katta qulaylik degani. 

Yo‘laklardan biri faqat sayyohlik avtobuslari va rasmiy aeroport taksilari uchun mo‘ljallangan. Hozircha ikki taksi operatori faoliyat ko‘rsatmoqda, yaqin vaqtlarda yana to‘rtta kompaniya va ikki avtoijara xizmati qo‘shilishi rejalashtirilgan.

Ikkinchi yo‘lak kutib oluvchi mashinalar va taksi agregatorlariga ajratilgan. Yo‘lakda 10 daqiqalik tekin to‘xtab yo‘lovchi olish limitini buzgan avtomashinalarga IIV tizimi bilan bog‘langan kameralar orqali jarima avtomatik tarzda yuboriladi. Shunday tizim allaqachon uchib ketish terminali oldida ham qo‘llanilmoqda.

Shuningdek, P2 va P3 avtoturargohlari birlashtirilib, jami 347 ta to‘xtash joyi yaratildi. Uzoq kutish holatlarida haydovchilarga turargohdan foydalanish tavsiya etilmoqda. 

Rekonstruksiyaning keyingi bosqichida uchib kelish va uchib ketish zallari yagona terminal majmuasiga birlashtiriladi. Qurilish yakunlangach, terminalning umumiy maydoni 16 ming kvadrat metrdan oshib, soatiga 2400 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi.

Uchib ketish zali oldida yo‘lovchilar uchun 2200 metr kvadratlik ochiq terrasa ham ochildi. Zalning ikkinchi qavatida joylashgan bu hududda soyabonlar, o‘rindiqlar va mikroiqlim tizimi o‘rnatilgan. Bu yerdan shahar manzarasi, boshqaruv minorasi va samolyotlarning uchishi aniq ko‘rinib turadi. Terrasada yaqin kunlar iichda bir nechta qahvaxonalar ham faoliyat boshlaydi.

VIP uchib ketish zali ham 300 metr kvadratga kengaytirildi. Yangi dizayn va yoritish yechimlari orqali zalning ichki maydoni vizual jihatdan kengaygan, o‘rindiqlar soni ham ko‘paytirilgan.

Ushbu ishlar Toshkentning yangi xalqaro aeroporti ishga tushirilgunga qadar mavjud aeroportda yo‘lovchilar oqimini to‘g‘ri boshqarish, uchib ketayotgan va kelayotgan yo‘lovchilarga qulayliklar yaratish imkonini beradi.

Teglar

Mavzuga oid