
Toshkent aeroportining uchib kelish terminali maydoni yangicha ko‘rinishga ega bo‘ladi
17.09.2025 | 19:0029143
Toshkent xalqaro aeroporti uchib kelish terminali oldida rekonstruksiya ishlari boshlandi. Ushbu o‘zgarishlar yo‘lovchilar va kutib oluvchilar uchun qulaylik yaratish hamda taksi xizmatini tartibga solishga qaratilgan.

Toshkent xalqaro aeroporti uchib kelish terminali oldida rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Loyiha doirasida terminal fasadi kengaytiriladi va qo‘shimcha avtomobil yo‘li quriladi. Bu haqda kompaniya axborot xizmati xabar berdi.
Birinchi qatordagi yo‘lak turistik avtobuslar va rasmiy taksilar uchun mo‘ljallanadi. Bu yo‘nalishda bir nechta litsenziyaga ega taksi operatorlari kim oshdi savdosi orqali turli narx toifalarida — byudjet, komfort va biznes-klass xizmatlarini taqdim etadi.
Ikkinchi yo‘lak esa kutib oluvchilar va agregator taksilari uchun ochiq bo‘ladi. Yo‘laklarda 10 daqiqalik vaqt chegarasi joriy etiladi va nazorat maxsus videokameralar orqali amalga oshiriladi. Qoidani buzganlarga avtomatik ravishda jarima yuboriladi.
«Uzbekistan Airports» axborot xizmatiga ko‘ra, hozirgi holatda tartibsizlik va noqonuniy tashuvchilar yo‘lovchilar uchun katta noqulaylik tug‘dirmoqda. Yangi tartib esa aeroportni ham poytaxt aholisi, ham xorijiy mehmonlar uchun qulay va xavfsiz maskanga aylantiradi.
Ish jarayonlari ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda 2025 yil oktyabr oyi oxiriga qadar 330 ta avtomobilga mo‘ljallangan avtoturargoh, shu jumladan tez quvvatlantirish shoxobchalari foydalanishga topshiriladi. Ikkinchi bosqichda esa uchib ketish va uchib kelish terminallarini birlashtirish hamda kirish yo‘llarini kengaytirish rejalashtirilgan.





