
Toshkent–Andijon pulli yo‘li 2 soat 14 daqiqada bosib o‘tiladi
314 kilometrlik yangi avtomagistral 150 km/h tezlikda harakatlanish imkonini beradi. Ushbu loyihaning qurilish muddati taxminan 4 yil davom etadi.

Toshkent–Andijon yo‘nalishida barpo etiladigan pulli avtomobil yo‘li to‘liq masofani 2 soat 14 daqiqada bosib o‘tish imkonini beradi. Bu haqda Transport vazirligining 19-noyabr kuni davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha uchinchi davra suhbatidagi taqdimotda ma’lum qilingan.
Qayd etilishicha, 314 kilometr avtomagistral sement-beton qoplamali, olti polosali va 1A toifada quriladi. Loyihaning umumiy qiymati tender g‘olibi aniqlangandan keyin ma’lum bo‘ladi, qurilish muddati esa taxminan to‘rt yil davom etadi.
Ushbu yo‘l tarkibida uzunligi 33 kilometrga teng 10 ta tunnel, 1122 metrlik 102 ta yo‘l o‘tkazgich va maksimal 150 km/h tezlikda harakatlanish imkoni nazarda tutilgan. Tenderda uchta kompaniya ishtirok etmoqda, g‘olib 2026 yilning birinchi yoki ikkinchi choragida e’lon qilinishi mumkin. Vazir o‘rinbosari Jasurbek Choriyevning aytishicha, tender hujjatlarini tayyorlash odatda 3–6 oy davom etadi va ishtirokchilar takliflarni tez taqdim etsa, jarayon yanada jadal kechishi mumkin.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi huquqiy maslahatchisi Hasan Umarovning so‘zlariga ko‘ra, pulli yo‘ldan 200 kilometr masofani bosib o‘tish taxminan 100 ming so‘mga tushadi. Uning ta’kidlashicha, oddiy yo‘llarda tezlikni oshirish uchun jarima to‘lash ehtimoli yuqori bo‘lsa, pulli yo‘l uzluksiz harakatni ta’minlab, yo‘l xarajatlarini kamaytirishi mumkin.
Pulli yo‘lda servis xizmatlari yuqori darajada bo‘ladi: har 50–100 kilometrda yoqilg‘i shoxobchalari, dam olish maskanlari va to‘xtash joylari barpo etiladi. Shuningdek, tez yordam, ichki ishlar va favqulodda xizmat mashinalari yo‘ldan bepul foydalanadi. Belgilangan tezlikni oshirganlik uchun esa oddiy yo‘llardagi kabi jarimalar tatbiq etiladi.





