
Toshkent bosh rejasi qayta ko‘rib chiqilishi mumkin, ammo tadbirkor xohishiga qarab emas — Aziz Xalilov
26.07.2025 | 14:3034792
Qurilish vazirligi Toshkent shahar bosh rejasini o‘zgartirish ehtimoli mavjudligini tasdiqladi. Biroq bu jarayon faqat ilmiy tahlillar va jamoatchilik fikri asosida amalga oshirilishi mumkinligi alohida ta’kidlandi.
2024 yil dekabrda Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan Toshkentning bosh rejasi 2045 yilgacha bo‘lgan qurilish ishlarini belgilovchi asosiy hujjat hisoblanadi. Shunga qaramasdan, ayrim hududlardagi bino balandligiga oid hisob-kitoblar eskirgani tufayli tahlillar olib borilayotgani ma’lum qilindi.
Qurilish vazirligi boshqarma boshlig‘i Aziz Xalilovning bildirishicha, bosh rejaga o‘zgartirish kiritish ehtimoli mavjud va bu qaror mutaxassis xulosalari asosida qabul qilinadi. Mazkur mavzu tadbirkor Murod Nazarovning ham nutqida tilga olindi, u bosh rejada o‘zgarish bo‘lishini «kutyapmiz» deya ta’kidladi.
Biroq vazir o‘rinbosari Davron Odilov Kun.uz nashriga bergan intervyusida tadbirkorlarning bu kabi tashabbuslari rasman ko‘rib chiqilmasligini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Nazarov tomonidan hali hech qanday rasmiy taklif ham berilmagan.
Qurilish vazirligi axborot xizmati bunga aniqlik kiritib, bosh reja shaxsiy manfaatlar asosida o‘zgartirilmasligini bildirdi. Hujjatning takomillashuvi – bu tizimli, ilmiy va jamoatchilik asosida kechadigan jarayon ekani qayd etildi.





