
Toshkent bosh rejasiga o‘zgartirish kiritilishi mumkin — bu developer og‘zidan yangradi
18.07.2025 | 08:0047103
Toshkent shahrining 2045 yilgacha bo‘lgan bosh rejasiga o‘zgartirishlar kiritilishi kutilayotgani ma’lum qilindi. Qurilish sohasi vakillari ishtirokidagi ochiq muloqotda bu qaror yaqin orada rasman e’lon qilinishi aytildi.

17 iyul kuni Toshkentda qurilish sohasi vakillari ishtirokida Tijorat-sanoat palatasi tashabbusi bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda qurilish sohasidagi mavjud muammolar va bosh reja bo‘yicha o‘zgarishlar muhokama qilindi. Muloqotda qurilish kompaniyasi asoschisi Murod Nazarov bosh rejaga tuzatishlar kiritilayotganini va ular tez orada e’lon qilinishi mumkinligini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentning 2045 yilgacha bo‘lgan bosh rejasi 2024 yil oxirida tasdiqlangan edi. Unga ko‘ra, shahar hududi konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya zonalariga bo‘lingan. Ammo so‘nggi paytlarda ayrim loyihalar ushbu rejada belgilangan binolar balandligi talablarini buzmoqda.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining mas’ul xodimi Aziz Xalilov Spot nashriga bergan интервюсида ayrim uchastkalarda buzilishlar aniqlanganini tasdiqladi. Unga ko‘ra, 5 qavatli binolarga ruxsat berilgan hududlarda aslida 16 qavatli qurilish amalga oshirilishi mumkin. Shu boisdan bosh rejani qayta ko‘rib chiqish zaruriyati yuzaga kelgan.
Mas’ullar seysmik holat va ilmiy ekspertizalarni hisobga olgan holda yangi balandlik me’yorlari belgilash kerakligini ta’kidlashmoqda. Bosh reja doirasida loyihalar faqat ilmiy tekshiruvdan o‘tgandan so‘ng va belgilangan talablarga muvofiq holda amalga oshirilishi shart.
Mutaxassislar va jamoatchilik vakillari, jumladan iqtisodchi Otabek Bakirov bosh rejaning tasdiqlanganiga hali 7 oy ham to‘lmagan bir paytda unga o‘zgartirish kiritilishidan xavotir bildirishmoqda. Ular, qurilish lobbilari faolligi va xalqaro standartlarga zid loyihalarning ilgari surilishi ustidan tanqidiy fikr bildirishmoqda.





