
Toshkent dizayn kodi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi
Poytaxtning me’moriy qiyofasi, tashqi reklama va jamoat makonlarini tartibga solishga qaratilgan hujjat muhokamaga qo‘yildi.

Toshkent shahri uchun ishlab chiqilgan dizayn kod loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Poytaxt hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, hujjat shahar muhitini yanada qulay, xavfsiz va estetik jihatdan uyg‘un shakllantirishni maqsad qiladi.
Loyiha 25-dekabr kuni Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi komissiyasi yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan. Shundan so‘ng, dizayn kodga oid barcha ilovalar regulation.gov.uz portali orqali ochiq muhokama uchun e’lon qilindi.
Loyiha quyidagi asosiy yo‘nalishlarni tartibga soladi:
Binolar arxitekturasi: fasadlar, ranglar va materiallar uyg‘unligi;
Tashqi reklama: peshlavhalarning o‘lchami, shrifti va joylashuvi;
Obodonlashtirish: trotuarlar, yoritish tizimlari, o‘rindiqlar va ko‘kalamzorlashtirish;
Tarixiy muhit: madaniy meros obektlarini asrab qolish.
Poytaxt hokimligi ta’kidlashicha, dizayn kod nafaqat tashqi ko‘rinishni yaxshilash, balki tadbirkorlik muhitini rivojlantirish va Toshkentning turistik jozibadorligini oshirishga ham xizmat qiladi. Aniq va shaffof qoidalar biznes uchun barqaror va prognoz qilinadigan shahar muhitini yaratishga yordam beradi.
Toshkent shahri dizayn kodi xalqaro tajriba asosida ishlab chiqilgan. Loyiha Citymakers International kompaniyasi hamda Toshkent Invest bilan hamkorlikda tayyorlangan. Jamoatchilik muhokamasi 2026 yil 10-yanvarga qadar davom etadi va fuqarolar o‘z taklif hamda mulohazalarini elektron tarzda bildirishlari mumkin.





