
Toshkent ekologiyasi uchun xavfli korxonalar viloyatga ko‘chiriladi
12.09.2025 | 17:3030724
Toshkent shahridagi atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan o‘nlab to‘qimachilik va charm korxonalari shahar tashqarisiga o‘tkaziladi.

O‘zbekiston prezidenti raisligidagi yig‘ilishda poytaxtdagi xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarini viloyat hududlariga ko‘chirish masalasi ko‘tarildi. Yig‘ilishda Toshkent shahar va tuman hokimlari hamda viloyat rahbarlari ishtirok etdi. Tadbirda maxsus sanoat zonalari tashkil etilib, ular «Toshkent invest» kompaniyasi va sanoat zonalari direksiyasi ixtiyoriga o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
Viloyat hokimi Zoyir Mirzayevning so‘zlariga ko‘ra, gap asosan 50 dan ziyod charm korxonalari va o‘nlab to‘qimachilik fabrikalari haqida ketmoqda. Ular atrof-muhitga katta zarar yetkazayotgani uchun yangi hududlarga ko‘chiriladi. Jumladan, Ohangaron tumanida uzoq vaqtdan beri bo‘sh turgan terichilik klasteri kengaytirilib, maydoni 15 gektardan 35 gektarga yetkaziladi. Bu yerga Toshkentdagi yirik korxonalar ko‘chirilishi rejalashtirilgan.
Mirzayev ta’kidlaganidek, davlat infratuzilmani barpo etadi, tadbirkorlar esa binolar va ishlab chiqarish quvvatlarini o‘z hisobidan qurishi kerak bo‘ladi. Shu tariqa, ishlab chiqarish jarayonlari to‘xtamaydi, ammo poytaxtning ekologiyasiga zarar yetkazishdan to‘xtaydi.
Yig‘ilishda to‘qimachilik korxonalarining oqava suvlari orqali havo va suvni ifloslantirayotgani qayd etildi. Shu bois 35 ta fabrikaning maxsus qurilgan sanoat majmuasiga ko‘chirilishi bo‘yicha qaror qabul qilingan.
Ekspertlarning hisob-kitobiga ko‘ra, Toshkentda havodagi mayda zarrali changlar (PM2,5) sabab har yili 3 mingdan ortiq kishi bevaqt vafot etmoqda. Jahon banki hisobotiga ko‘ra, aholi salomatligiga yetkazilayotgan iqtisodiy zarar qariyb 488,4 mln dollarni tashkil etmoqda. Ayni vaqtda poytaxt aholisining 83 foizi ifloslanish darajasi yuqori bo‘lgan hududlarda istiqomat qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida elektr poyezdlar tarmog‘i yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar bergan edik.





