
Toshkent havo ifloslanishi bo‘yicha yana dunyoda birinchi o‘ringa chiqdi
06.10.2025 | 11:006053
6 oktyabr kuni Toshkent shahridagi havo ifloslanish darajasi jahon bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi. Havo ifloslanish darajasi me’yordan 15 baravar oshgan.

IQAir xalqaro platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, 6 oktyabr kuni soat 09:00 holatiga kelib, Toshkent shahri dunyo bo‘yicha havo ifloslanishi bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi. Poytaxt havosidagi mayda PM2.5 turdagi zararli zarrachalar miqdori 59,8 mikrogramm/metr kubni tashkil etgan.
Mazkur ko‘rsatkich Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiya etgan me’yorlardan 15,4 barobar yuqori hisoblanadi.
Gidrometeorologiya xizmati agentligi ham havodagi PM2.5 mayda dispers zarralar miqdori 78,9 mkg/m³ ni tashkil etgan bo‘lib, bu ruxsat etilgan me’yor — 35 mkg/m³ dan 2,2 baravar yuqori ekanligini qayd etgan.
Mutaxassislar aholiga zarurat bo‘lmasa ko‘chada ko‘p vaqt bo‘lmaslikni, ayniqsa bolalar, keksalar va nafas yo‘llari kasalliklariga moyil shaxslar niqob taqib yurishni tavsiya etmoqda.
Shuningdek, xona ichida havo almashinuvini cheklash, eshik va derozalarni yopiq tutish, kun davomida nam tozalash ishlarini bir necha marta amalga oshirish lozim. Ko‘chadan qaytgandan keyin qo‘l va yuzni toza suvda yuvish, kiyimlarni havodan tozalash ham foydali hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22 sentyabr kuni ham Toshkent shahri havo ifloslanishi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallagan edi.





