add

Toshkent havosi ifloslanishi sababini Ekologiya vazirligi izohladi

23.09.2025 | 13:4525547

Poytaxtda kuzatilgan changli havo tashqi manbalardan kirib kelgan tabiiy oqimlar bilan bog‘liq bo‘lib, antitsiklon va kuchli shamollar ta’sirida shakllangani aytildi.

Toshkent havosi ifloslanishi sababini Ekologiya vazirligi izohladi
Ekologiya vazirligi poytaxtda so‘nggi kunlarda kuzatilgan qattiq changli havo sabablariga izoh berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 21-sentabr kuni markazida atmosfera bosimi 1010 gPa.gacha pasayuvchi past bosimli kichik gradientli atmosfera sohasi respublikaning Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida kunduz kuni havo haroratining +34...+35 darajagacha qizib ketishini ta’minladi. Hatto bu paytda Toshkent viloyati janubiy stansiyalarida havo harorati maksimum qiymatlari +35 darajadan yuqoriladi. Bu 21-sentabr tunda Kaspiy dengizi orqali markazida atmosfera bosimi 1028 gPa gacha yuqori ko‘tariluvchi sovuq antitsiklonal jarayonning mintaqaga davomli front oldi g‘arbiy shamollari bilan kirib kelishiga sabab bo‘lgan. 21-sentabr kuni va 22-sentabr tongida Navoiy viloyati sharqi, Aydarko‘l ko‘llar tizimi atrofiga esgan kuchli va davomli g‘arbiy shamollar o‘z yo‘nalishini Chordara suv ombori hududlaridan boshlab biroz shimol tomonga o‘zgartirgan. 22-sentabr kunning ikkinchi yarmidan Qizilqum sharqi va Aydarko‘l hududlari hamda Qozog‘iston janubiy viloyatlarida ko‘tarilgan chang havo massalari to‘g‘ri Toshkent shahriga kirib kelgan. Toshkent shahrida soat 15:00 dan boshlab avvaliga janubi-g‘arbiy va g‘arbiy hududda havoda PM2.5 va PM10 mayda dispers zarrachalari orta boshlagan. O‘zgidrometning Uchtepa hokimiyati binosi oldiga o‘rnatilgan Horiba avtomat stansiyasi ayni o‘sha muddatda havo tarkibida 142 mkg/m³ og‘irlikda mayda PM2.5 zarrachasini qayd etib, milliy ruxsat etilgan standart qiymatdan 4 barobar ko‘p qiymatga yetgan. Ma’lumot uchun, PM2.5 mayda zarrachasi bo‘yicha milliy ruxsat etilgan me’yoriy qiymat 35 mkg/m³ hisoblanadi. Soat 16:00 da poytaxtda janubi-g‘arbiy shamollar soniyasiga 4 metr tezlikda esib, janubi-g‘arb tomondan shahar markazi va shimoli-sharqi tomon mayda dispers zarrachalari jadal to‘planishiga olib kelgan. Bu vaqtda Toshkent markaziy qismlarida ham havoda PM2.5 va PM10 mayda zarrachalari milliy ruxsat etilgan me’yorlardan oshgan. Hatto poytaxtning sharqiy qismi «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida o‘rnatilgan avtomat stansiya kuzatuv obektida mayda PM2.5 zarrachalari milliy ruxsat etilgan me’yordan 2 barobargacha (68 mkg/m³) ortib ketib, hang havo poytaxtni egallay boshlagan. Toshkent xalqaro aeroportida ayni 16:00 dan boshlab ko‘rinish masofasi 5 km gacha cheklangan g‘ubor hodisasi kuzatila boshlandi. Soat 18:30 da O‘zgidrometning Toshkentga o‘rnatilgan ko‘plab avtomat stansiya qiymatlarida havoda mayda PM2.5 dispers zarrachalari taxminan 150 mkg/m³ atrofida shiddat bilan ko‘payib, Toshkentning katta qismida mayda PM2.5 zarrachalar bilan ifloslanish milliy ruxsat etilgan me’yordan 5 barobargacha ortgan. Ayni shu paytda «Toshkent» xalqaro aeroportida ko‘rish masofasi yanada yomonlashib, 4000 metrgacha masofani tashkil etgan edi. Prognozlarga ko‘ra, markazida atmosfera bosimi 1025 gPa.gacha ko‘tariluvchi sovuq antitsiklon respublikaning markaziy qismlaridan o‘tmoqda. Ushbu jarayon 24-sentabrga qadar respublika ob-havosini belgilovchi oqim hisoblanib, 23–24-sentabr kunlari ayni Toshkent shahri havosida to‘plangan mayda dispers zarrachalarni to‘liq «tozalash» quvvatiga ega emas. Aksincha, ushbu havo oqimi havoda yig‘ilgan mayda zarrachalarni asta-sekin yerga bosish holatini keltirib chiqaradi. 23–24-sentabr tonggi muddatlar va kechki muddatlarda инвер­сия hodisasi sabab havoda mayda dispers zarrachalari miqdori yana ortishi ehtimoli bor. 24-sentabr tungi muddatlarda antisiklonning mintaqadan butunlay chekinishi va o‘rniga boshqa bir past bosimli atmosfera jarayonlari almashinish fonida Toshkent shahri havosida mayda dispers zarrachalardan tez tozalanish ro‘y berishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid

Toshkent havosi ifloslanishi sababini Ekologiya vazirligi izohladi | Vaqt.uz