
Toshkent – Kopenhagen yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar yo‘lga qo‘yiladi
25.08.2025 | 13:3022363
2025 yil oktyabrdan boshlab Toshkentdan Daniya poytaxti Kopenhagenga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar amalga oshirilishi kutilmoqda.

«Dunyo» axborot agentligining yozishicha, O‘zbekistonning Shvetsiyadagi elchixonasi va Centrum Air aviakompaniyasi mazkur yo‘nalishni yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qildi. Unga ko‘ra, reyslar haftaning seshanba va payshanba kunlari bajariladi. Ilk parvoz 2 oktyabrga belgilangan.
Centrum Air ma’lumotlariga ko‘ra, chiptalar narxi bir tomonga 3,5 mln so‘mdan, ikki tomonga esa 6,9 mln so‘mdan boshlanadi. Yo‘nalish asosan tranzit yo‘lovchilarga mo‘ljallangan bo‘lib, Daniya, Shvetsiya, Norvegiya, Finlyandiya va Islandiya yo‘lovchilari uchun kompaniyaning Bangkok qatnoviga ulanish imkonini yaratadi.
Aviakompaniya vakillarining ta’kidlashicha, Kopenhagendan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Bangkok, Seul yoki Maldiv orollariga parvoz qilish ikki barobar qimmatga tushadi. Toshkent orqali esa yo‘lovchilar uchun 50 foizgacha arzon bo‘lishi kutilmoqda.
Shuningdek, muzokaralarda O‘zbekiston va Skandinaviya mamlakatlari o‘rtasida savdo aloqalarini kengaytirish, turizm va madaniy tadbirlarni yo‘lga qo‘yish, yirik xalqaro sayyohlik ko‘rgazmalarida taqdimotlar o‘tkazish ham muhokama qilindi. Skandinaviyalik bloger va jurnalistlar uchun O‘zbekistonga press-tur tashkil etish tashabbusi ham qo‘llab-quvvatlandi.





