
Toshkent Markaziy Osiyodagi eng yaxshi shaharlar beshligida qolmoqda
28.05.2025 | 08:4536042
Jahonning eng yaxshi shaharlari reytingida Nyu York birinchi o‘rinni egalladi. Ushbu baholashda London va Parij ham kuchli uchlikdan joy oldi. Reyting turli infratuzilmaviy, iqtisodiy va madaniy ko‘rsatkichlarga asoslangan holda shakllantirilgan.

Markaziy Osiyo davlatlarining shaharlari global reytingda nisbatan past o‘rinlarni egallagan. Ular orasida Almati 258-o‘rin bilan mintaqada yetakchi bo‘ldi. Ostona 276-o‘rin, Toshkent esa 471-o‘rinni egallab, beshlikka kirdi. Shuningdek, Bishkek 498-o‘rin, Chimkent 534-o‘rin, Ashxobod 623-o‘rin va Dushanbe 683-o‘rin bilan ro‘yxatdan o‘rin olgan.
Top-10likka kirgan shaharlar asosan AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Yaponiya va Avstraliyaga tegishli. Xususan, AQSHdan beshta shahar: Nyu York, San-Xose, Sietl, Boston va San-Fransisko kuchli o‘nlikka kirgan. Bu shaharlar yuqori darajadagi texnologiyalar, ta’lim, tibbiyot va yashash sifati bilan ajralib turadi.
Markaziy Osiyo shaharlarining jahon reytingidagi past o‘rinlari hali yetarlicha rivojlanish zarurligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, Toshkent mintaqadagi muhim siyosiy va iqtisodiy markaz sifatida barqaror o‘rinni saqlab qolmoqda.





