
Toshkent metrosida kassa operatori lavozimlari tugatiladi
28.08.2025 | 11:4032663
Metropolitenda elektron to‘lov va bankomatlar joriy qilinishi sabab, yil oxiriga qadar kassa operatori lavozimlari bosqichma-bosqich tugatilishi rejalashtirilmoqda.

Toshkent metrosida kassa operatori lavozimlari bosqichma-bosqich tugatiladi. Bu haqda «Toshkent metropoliteni» DUK xabar berdi. Toshkent metropolitenida yo‘lovchilar uchun elektron to‘lov tizimlari va avtomatlashtirilgan chipta sotish bankomatlari joriy etilayotgani sababli kassa operatorlariga bo‘lgan ehtiyoj tobora kamaymoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, dastlabki bosqichda 204 nafar kassa operatori shtati qisqartirildi. Bu jarayon metro bekatlarida chipta sotishda zamonaviy elektron xizmatlarni keng yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq.
Yil yakuniga qadar poytaxtdagi barcha metro bekatlarida avtomatlashtirilgan bankomatlar o‘rnatilishi belgilangan. Ushbu jarayondan so‘ng kassa operatori hamda katta operator lavozimlari butunlay tugatiladi.
Metropoliten ma’muriyatiga ko‘ra, elektron to‘lov tizimlari yo‘lovchilar uchun qulaylik va shaffoflikni ta’minlaydi. Bu orqali to‘lov jarayoni tezlashib, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, raqamli yechimlar transport tizimini modernizatsiya qilish, xarajatlarni qisqartirish va xizmatlarni avtomatlashtirishda muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Lavozimi qisqartirilayotgan xodimlarga esa o‘z istak va imkoniyatlaridan kelib chiqib, buxgalteriya, tikuvchilik, qandolatchilik kabi yo‘nalishlar bo‘yicha kasb-hunar o‘rganish kurslarida o‘qish taklif qilinadi. Kurslar to‘lovini «Toshkent metropoliteni» DUK to‘liq qoplaydi.
Esdatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent metrosining 13 ta bekatida kassalar yopilgani haqida xabar bergan edik.





