
Toshkent «rivojlanish salohiyatiga ega» aqlli shaharlar ro‘yxatiga kirdi
13.10.2025 | 11:458754
MDH va BRIKS+ davlatlarining 15 yirik shaharlarini qamrab olgan reytingda Toshkent trivojlanish salohiyatiga ega «aqlli shahar» deb topildi. Biroq raqamli xizmatlar sustligi, yashil hududlar kamligi va ekologik muammolar hali ham dolzarb ekanligi aytilmoqda.

«Kept» xalqaro konsalting kompaniyasi oktyabr oyida e’lon qilgan hisobotda Toshkent shahri MDH va BRIKS+ davlatlarining 15 ta yirik shahri orasida «rivojlanish salohiyatiga ega» aqlli shaharlar toifasiga kiritildi. Tadqiqotda har bir shaharning texnologiyalar joriy etilishi va ularning aholi hayoti sifatiga ta’siri baholangan.
Hisobotga ko‘ra, Toshkent shahri eng past ballni «Aqlli biznes va bandlik» yo‘nalishi bo‘yicha olib, bor-yo‘g‘i 40,4 ball bilan barcha ishtirokchilar orasida 14-o‘rinni egallagan. Mutaxassislarning fikricha, bu biznes va bandlik xizmatlarini raqamlashtirishning yetarli darajada emasligini aks ettiradi.
Ekologik ko‘rsatkichlar ham qoniqarsiz bo‘lib, bir kishi hissasiga to‘g‘ri keladigan yashil hudud maydoni 3 kv.m dan oshmaydi. Bu, asosan, ommaviy qurilishlar va yashil maydonlarning shahar hududida faqat 2 foizni tashkil etishi bilan bog‘liq. Shuningdek, havo ifloslanish darajasi yuqori — AQI ko‘rsatkichi 101–150 orasida.
Transport tizimida ham vaqt sarfi katta — shahar hududining maydoniga nisbatan sayohat vaqti 10,7 ball deb baholangan. Shu bilan birga, Toshkent hali to‘liq faoliyat ko‘rsatuvchi ochiq ma’lumotlar portaliga ega emas, mavjud ma’lumotlar esa kamdan-kam yangilanadi.
Shaharda inklyuziv muhitni rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturi yo‘q, biroq 2025–2026 yillarda har bir tumanda inklyuziv talablarga mos maktablar ochish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, Toshkent ayrim sohalarda rivjlanayotganini ko‘rsatmoqda. Xususan, elektromobillar tarqalishi bo‘yicha MDH poytaxtlari orasida yetakchi o‘rinda, «aqlli yoritish» va «aqlli hisoblagichlar» tizimi joriy etilgan. Har 1000 aholiga 5 ta mehmonxona xonasi to‘g‘ri keladi, turizm va transport yo‘nalishlarida rivojlanish rejalari davom etmoqda.
«Kept» mutaxassislari Toshkentda fuqarolar, biznes va hokimiyat o‘rtasidagi raqamli hamkorlikni kuchaytirish, barqaror rivojlanishni ilgari surish va «aqlli shahar» texnologiyalarini kengroq tatbiq etishni tavsiya qilgan. Ularga ko‘ra, Toshkent keyingi yillarda reytingda yuqori natija ko‘rsatish salohiyatiga ega.





