
Toshkent viloyati FVB Bo‘stonliqdagi yong‘in bo‘yicha yolg‘on axborot bermoqda
20.09.2025 | 22:4526815
Rasmiy xabarda yong‘in bo‘lmaganligi va ma’lumotlar eskiligi aytilgan. Shu hudud yaqinida bo‘lganlar esa bu haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini, boshqarma matbuot xizmati yolg‘on xabar tarqatganligini aytishmoqda.

20 sentyabr kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani «Yakkatut» mahallasi hududida yirik yong‘in sodir bo‘ldi. Hodisa to‘g‘risida qator jurnalistlar va axborot saytlari ijtimoiy tarmoqlarda xabar berdi. Biroq oradan bir necha soat o‘tib, Favqulodda vaziyatlar vazirligining viloyat boshqarmasi «ma’lumotlar eskiligi bois haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi» degan mazmundagi xabar berdi.
Bu bayonot jamoatchilik va jurnalistlar tomonidan keskin tanqidga uchradi. Chunki voqea joyiga yaqinda malaka oshirish mashg‘ulotida bo‘lgan 40 nafarga yaqin jurnalist o‘z ko‘zlari bilan yong‘inga guvoh bo‘lib, foto va video lavhalarni qayd etgan. Ular voqea bugun sodir bo‘lganini tasdiqlab, vazirlikning bayonoti haqiqatga zid ekanini aytib raddiya berdi.
Jurnalistlar vazirlik rahbariyatidan yolg‘on ma’lumot tarqatilganini tan olishni, uning mualliflarini aniqlab, javobgarlikka tortishni talab qilmoqda. Ular qonunchilikda yolg‘on ma’lumot tarqatganlik uchun javobgarlik belgilanganini, bu ayniqsa rasmiy idoralar uchun qattiqroq ishlashi kerakligini eslatdi.
Shu orqali jamoatchilikka murojaat qilingan raddiyada: «FVB bayonoti voqelikka zid. Biz hodisaning guvohimiz. Favqulodda vaziyatlar vazirligidan voqea bo‘yicha aniq va shaffof axborot berishni talab qilamiz. Agar ochiqlik ta’minlanmasa, jamoatchilikda davlat idoralariga nisbatan ishonchsizlik paydo bo‘ladi», — deyiladi.
Keyinroq FVV matbuot xizmati rahbari Murod Sodiqov Vaqt.uz jurnalisti bilan bog‘lanib, vaziyatga izoh berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yo‘l qo‘yilgan raddiya muammosi ma’lumotning boshqarmaga o‘z vaqtida yetkazilmagani bilan bog‘liq bo‘lgan. «Bizga yong‘in haqida xabar bo‘lmagan. Shuning uchun xodimlar ijtimoiy tarmoqlarda chiqqan xabarni videoning o‘ziga qarab tekshirib qo‘ya qolishgan. Video kadrlari esa avvalroq shu hududga yaqin joyda chiqqan yong‘in kadrlariga juda o‘xshash bo‘lgan. Men boshqarmaga topshiriq berdim, ertagayoq chiqib, holatni o‘rganishadi va vaziyat bo‘yicha to‘liq axborot beriladi.
Ishoning, raddiya orqali jamoatchilikni aldash niyatimiz bo‘lmagan», — dedi Sodiqov.





