
Toshkent viloyatida 40 ta mikro GES qurilishi uchun yer ajratildi
28.05.2025 | 15:1536813
Toshkent viloyatida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarda 40 ta mikro gidroelektrostansiya qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu maqsadda 6,59 gektar yer doimiy foydalanishga berildi.

Toshkent viloyatida davlat zaxirasiga kiruvchi 40 ta nuqtada joylashgan jami 6,59 gektar yer maydoni Energetika vazirligiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratildi. Bu yer uchastkalari shahar va tumanlar hududidagi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan maydonlar hisoblanadi. Bu haqda viloyat matbuot xizmati ma’lum qildi.
Mazkur yerlar mikro gidroelektrostansiyalar (mikro GES) qurish uchun sarmoyadorlar va tashabbuskorlarni aniqlash maqsadida auksionga qo‘yiladi. Loyiha orqali qayta tiklanuvchi energiya manbalariga bo‘lgan ehtiyoj qoplanishi hamda mahalliy infratuzilma rivojlanishi kutilmoqda.
Qurilish ishlari Piskent, Ohangaron, Bekobod, Yuqori Chirchiq, Bo‘stonliq, Qibray, Chinoz, Bo‘ka, Yangiyo‘l, Zangiota tumanlari hamda Angren, Olmaliq, Bekobod va Chirchiq shaharlarida amalga oshiriladi. Bu loyiha qishloq hududlarida energiya ta’minotini yaxshilashga xizmat qiladi.
Avvalroq shuningdek, mazkur viloyatda 29 ta kichik va mikro GES qurilishi rejalashtirilayotgani haqida ham ma’lum qilingan edi. Yangi 40 ta ob’ekt bilan bu ko‘rsatkich yanada oshishi kutilmoqda.
O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiyaga bo‘lgan e’tibor tobora kuchayib borayotgani, ayniqsa, mahalliy va xususiy sektorlarni jalb qilish orqali amalga oshirilayotgan loyihalar soni ortib borayotgani bilan izohlanadi.





