Toshkent viloyatida iqtisodiy burilish: 6,2 mlrd dollar investitsiya va sanoatdagi yangi loyihalar
Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Toshkent viloyatining iqtisodiy salohiyatini oshirish, sanoat, qishloq xo‘jaligi va turizmni rivojlantirish orqali 300 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratish maqsadlari belgilab olindi.
© Foto: president.uzToshkent viloyatida iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish bo‘yicha yangi bosqich boshlanmoqda. 8-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda viloyatning 2026-yilgi iqtisodiy maqsadlari tasdiqlandi. Unga ko‘ra, viloyat iqtisodiyotini 9,1 foizga, sanoatni 8,8 foizga va xizmat ko‘rsatish sohasini 17,2 foizga o‘stirish rejalashtirilgan. Bu maqsadlarga erishish uchun jami 6,2 mlrd dollarlik investitsiya jalb etish va eksport hajmini 2,8 mlrd dollarga yetkazish belgilandi. Davlat rahbari Toshkent viloyati poytaxt darajasidagi biznes muhitiga ega bo‘lishi shartligini alohida ta’kidladi.
Viloyat sanoatini yangi bosqichga olib chiqish uchun qator yirik loyihalar ishga tushirilmoqda. Jumladan, Angren shahrida keramik plitkalar ishlab chiqarish, Yangiyo‘lda «Tinchlik» kichik sanoat zonasi va Parkentda «Parkent Pharm» erkin iqtisodiy zonasi faoliyati kengaytiriladi. Shuningdek, poytaxt ekologiyasiga zarar yetkazayotgan 87 ta korxonani viloyatga ko‘chirish dasturi doirasida allaqachon 15 dan ortiq to‘qimachilik fabrikasi o‘z ishini boshladi. Sanoat loyihalarining samaradorligini oshirish maqsadida tumanlar salohiyatini SI yordamida tahlil qiluvchi yangi markaz tashkil etilishi ham ma’qullandi.
Qishloq xo‘jaligi va turizm sohalari ham iqtisodiy drayverlar sifatida belgilandi. Ohangaronda 45 mln dollarlik parrandachilik majmuasi va echkichilik klasteri barpo etiladi, kam daromadli g‘alla maydonlari o‘rniga serdaromad ekinlar (piyoz, sarimsoq) ekish kengaytiriladi. Turizm yo‘nalishida esa Parkent, Ohangaron va Angrenda tog‘-chang‘i kurortlari va eko-turizm qishloqlari qurilib, xizmatlar eksportini 600 mln dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Yirik innovatsion loyiha sifatida Yuqori Chirchiqda 5 mlrd dollarlik «Tashkent Medical Smart City» qurilishi rejalashtirilmoqda.
Sanoat va infratuzilma rivoji
Viloyatda sanoatni boshqarish tizimi tubdan o‘zgaradi. Hokimning sanoat bo‘yicha o‘rinbosari zimmasiga eksportni oshirish va yarim tayyor mahsulotlarni tayyor ko‘rinishga keltirish bo‘yicha aniq KPI belgilandi.
Shuningdek, infratuzilmani yaxshilash maqsadida 956 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, yuzlab mahallalarda suv, elektr va yo‘l tarmoqlari to‘liq yangilanadi. Bu sarmoyadorlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratadi.
Raqamli iqtisodiyot va bandlik
Nurafshon shahrida 35,4 mln dollarlik Kelajak texnologiyalari markazi tashkil etilib, unga 100 dan ortiq xorijiy IT kompaniyalari jalb qilinadi. Bu loyiha yiliga 20 million dollarlik IT-xizmatlar eksportini ta’minlashi kutilmoqda.
Shu bilan birga, joriy yilda 883 ta mahallani ishsizlikdan xoli hududga aylantirish orqali 84,7 ming kishini doimiy ish bilan ta’minlash va 37 ming norasmiy ish o‘rnini qonuniylashtirish rejalashtirilgan.



