
Toshkent viloyatida tovar poyezdining ikki vagoni relsdan chiqdi
28.09.2025 | 15:0038312
Toshkent viloyatidagi Chinoz tumanida sut mahsulotlari ortilgan tovar poyezdining ikki vagoni relsdan chiqib ketdi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» ma’lumotiga ko‘ra, 27 sentyabr kuni soat 21:30 da Jizzax–Toshkent yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan poyezdining ikki vagoni Chinoz tumani «Rasulobod» mahallasidagi Olmazor stansiyasi hududida relsdan chiqqan.
Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan. Voqea joyiga tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi rahbariyati, temiryo‘l xizmati navbatdagi smenasi va tegishli idoralar jalb etilgan. Ayni paytda holat bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
«O‘zbekiston temir yo‘llari»ga ko‘ra, hodisadan so‘ng harakat vaqtincha cheklangan, ammo qisqa vaqt ichida barqarorlashtirilib, poyezdlar qatnovi to‘liq tiklangan.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil may oyida ham Chirchiq shahridagi xususiy temiryo‘l tarmog‘ida shunga o‘xshash holat kuzatilgan edi. O‘shanda MCHJ xodimlari yuk tushirish jarayonida «lebyodka» qurilmasidan noto‘g‘ri foydalangani oqibatida vagonlar relsdan chiqqan.





