add

Toshkent xalqaro aeroporti 2030 yildan keyin yopiladi — yangi manzil tayin

Bugun 07:586152

Toshkentda yangi aeroport qurilishi boshlandi. Hozirgi aeroport yana 4–5 yil ishlaydi. Keyin esa qatnovlar yangi aeroportga ko‘chiriladi.

Toshkent xalqaro aeroporti 2030 yildan keyin yopiladi — yangi manzil tayin

Toshkentdagi amaldagi Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroport yoki «Toshkent-Janubiy» aeroporti 2030 yildan keyin o‘z faoliyatini to‘xtatishi mumkin. Bu haqda transport vazirining o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Spot nashriga bergan intervyusida ma’lum qilgan.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, aeroport hozircha ishlashda davom etadi, chunki uning imkoniyatlari to‘liq ishlatilmagan. Biroq «prinsipial qaror» qabul qilingan va yangi aeroportga o‘tish jarayoni 2030 yildan so‘ng amalga oshiriladi.

Choriyevning ta’kidlashicha, poytaxtdagi aholi va transport oqimi ortib bormoqda. Yo‘lovchilar zamonaviy va qulay infratuzilmani talab qilmoqda. Yangi aeroport bu ehtiyojlarga javob berishi kutilayapti. Shu bois, davlat xususiy sherikchilik bilan yangi aeroport qurish shartnomasini tuzgan va investorning talabiga ko‘ra, kelgusida barcha aviakompaniyalar yangi manzilga ko‘chadi.

Yangi aeroport Toshkent viloyati hududida qurilmoqda. Loyihada Saudiya Arabistonining Vision Invest (45 foiz), Yaponiyaning Sojitz (30 foiz), Janubiy Koreyaning Incheon International Airport (15 foiz) va Uzbekistan Airports (10 foiz) ulush bilan ishtirok etmoqda.

Aeroport yiliga 20 mln yo‘lovchi va 129 ming tonna yuk qabul qilishga qodir bo‘ladi. Har soat 30 ta parvozni qabul qilib, 62 ta samolyotni bir vaqtning o‘zida joylashtirishi mumkin. Yangi aeroport Toshkent–Samarqand, Toshkent–Andijon va Toshkent–Bo‘stonliq tezyurar yo‘llari hamda Yangi Toshkent bilan bog‘lanadi.

Yangi kompleksda tezyurar poyezdlar uchun temiryo‘l vokzali va Toshkent bilan Yangi Toshkentni bog‘lovchi maxsus avtobuslar (shattllar) yo‘lga qo‘yiladi. Bu orqali shahar va aeroport o‘rtasidagi qatnov yanada qulaylashadi.

Avvalroq Toshkentning yangi xalqaro aeroporti quriladigan hudud to‘liq xatlovdan o‘tkazilishi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid