
Toshkent yo‘llarini yana o‘lim trassasiga aylantirishmoqchi
13.08.2025 | 08:2037259
«Normal parlamentimiz bo‘lganida shu gapni aytgan odamni yig‘ilishga chaqirardi-da, jo‘yali asos keltirishini, keltirolmasa, iste’foga chiqishini talab qilardi. Afsus, bizning parlament ham, boshqaruvdagilar ham sog‘lom fikrga ega emas», - deydi Shomirzayeva.

Toshkent Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Elmurod Alimov 12 avgust kuni shahar kengashi yig‘ilishida Bunyodkor, Sebzor, Ahmad Donish, Toshkent halqa yo‘li va Yangi O‘zbekiston ko‘chalarida avtomobillar uchun belgilangan maksimal tezlik chegarasini 80 km/soatga (+5 km) oshirish taklifini bildirdi. Shuningdek, 12 ta ko‘chada bir tomonlama harakat yo‘lga qo‘yilishi va 500 ta chorrahada svetoforlar uzluksiz quvvat manbalari bilan jihozlanishi ham rejaga kiritilgan.
Alimovning so‘zlariga ko‘ra, tashabbus mahalliy va xorijiy tajriba tahlili, tirbandlik va YTHlarni kamaytirish maqsadida ilgari surilgan. Savol bergan deputatlar ham, asosan, qaror qachondan amalga oshirilishini so‘rash bilan cheklandi.
Faollar nima deydi?
Mazkur taklif jamoatchilik va faollar tomonidan keskin tanqid qilinmoqda. Xususan, jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev buni «jinnilik» deb baholab, YHXX nega aynan 80 km/soatni tanlagani va bunday choraning natijasini qanday hisoblagani haqida javob berishini talab qildi.
«Bu — jinnilik. Jinnilik bo‘lmasa, YHXX nega bunday taklifni ilgari surganini, qanday hisob-kitoblar asosida tezlikni soatiga 80 km gacha oshirish tirbandliklarni kamaytirishiga xizmat qilishini aniqlaganini tushuntirib bersin», - deya yozdi u.
Qiziq tomoni, xalq saylagan va xalq manfaati uchun ishlashi kerak bo‘lgan deputatlar bu taklifga qarshi umuman gapirmagan.
«Meni eng achchiqlantirgani — YHXX vakilining tilidan o‘qib eshittirilgan taklif ham emas, balki Toshkent shahar kengashidagi biror deputat YHXX vakilining bu taklifiga qarshi bir og‘iz gapirmagani bo‘ldi. Ikki deputat shu mavzuda savol berdi, lekin u savollarning mazmuni “bu xushxabar qachondan kuchga kiradi” mazmunida edi», - deya yozdi A’zamxo‘jayev.
Jurnalist Shuhrat Latipovga ko‘ra, tirbandlikning asosiy sabablaridan biri ko‘chalarning noto‘g‘ri loyihalashtirilishidir. Limitni 150 km/soatgacha ko‘tarish mumkin, lekin baribir avtomobillar oqimi «shisha bo‘g‘zida» («butыlochnoye gorlыshko») to‘planib, tirbandliklarni keltirib chiqaradi.
«YHXB yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha o‘z vazifasini umuman uddalay olmayapti. Bu tashkilot yo‘llardagi o‘limlarning oldini olish bilan emas, ko‘proq byudjetni to‘ldirish bilan band. YTHlar bo‘yicha statistikani ochib berishga qaytish kerak. Muntazam e’lon qilinadigan statistik ma’lumotlar yo‘qligi sababli jamoatchilik hokimiyatning yo‘l-transport hodisalarida o‘lim va jarohatlanishni kamaytirish bo‘yicha ishlarining samaradorligini baholash imkoniyatiga ega emas», - dedi Latipov.
Davletov esa, «Bu qadam Toshkent yo‘llarini yana «o‘lim trassasi»ga aylantirishi mumkin», deya xavotir bildirdi.
Jurnalist Dilshoda Shomirzayeva eng ko‘p bolalar va keksalar jabr ko‘rishini aytib, «Ko‘chalar avtomobil uchun emas, piyodalar uchun bo‘lishi kerak», deb hisoblaydi. Uningcha, parlamentdagi muhokamalarda jamoat xavfsizligi ustuvor o‘rinda turishi lozim.
«Qanchadan-qancha piyodalar YTHlarda mayib bo‘lib, jon berayotgan vaqtda qanday qilib tezlikni oshirish haqida gapirish mumkin? Eng yomoni shundaki, bu avariyalarda ko‘p marotaba bolalar halok bo‘lishdi. Bu davom etyapti. Ma’lum qilgan ekan, deputatlarga oxirgi nuqtada “biz qaror qilib bo‘ldik” qabilida aytib qo‘yishyapti. Normal parlamentimiz bo‘lganida shu gapni aytgan odamni yig‘ilishga chaqirardi-da, jo‘yali asos keltirishini, keltirolmasa, iste’foga chiqishini talab qilardi. Afsus, bizning parlament ham, boshqaruvdagilar ham sog‘lom fikrga ega emas. Shunday bo‘lganida, ular uchun qaror qabul qilishda g‘oyaviy jihatdan asosda xalq va uning qadri turardi. Tezlik oshirilishiga men mutlaqo qarshiman. Ko‘chalar avtomobil uchun emas, piyodalar uchun bo‘lishi, ustuvorlik piyodalarga qilinishi kerak», - deya yozdi Dilshoda Shomirzayeva.
Mavjud xavflar
Toshkentda 2023 yilda shahar ichidagi tezlik chegarasi 60 km/soatga tushirilgan edi. YHXB ma’lumotlariga ko‘ra, har kuni respublika yo‘llarida o‘rtacha 6 kishi YTHlarda halok bo‘ladi, 24 kishi turli darajada tan jarohati oladi. Faollar bu raqamlar allaqachon yuqori ekanini va tezlikni oshirish ularni yana oshirishini ta’kidlamoqda.
80 km/soatdagi to‘qnashuv 60 km/soatga nisbatan piyoda uchun o‘lim xavfini sezilarli oshiradi.





