
Toshkentda 18-noyabr kuni ayrim ko‘chalarda harakat vaqtincha cheklanadi
Davlat bayrog‘i kuni munosabati bilan «G‘alaba bog‘i»dan «Xalqlar do‘stligi» saroyigacha harbiy marsh o‘tkaziladi. Shu sabab ayrim ko‘chalarda harakat vaqtincha to‘xtatiladi.

Mudofaa vazirligining xabar berishicha, 18-noyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston davlat bayrog‘i qabul qilinganining 34 yilligi munosabati bilan harbiy bo‘linmalar tomonidan namoyishkorona piyoda yurishlar o‘tkaziladi. Tadbir soat 15:00 da «G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmuasida harbiy xizmatchilarning ko‘rgazmali chiqishlari bilan boshlanadi.

Harbiylar «G‘alaba bog‘i» — O‘zbekiston davlat tabiat muzeyi — «Chorsu» bozori — Toshkent sirki — «Xalqlar do‘stligi» san’at saroyi yo‘nalishi bo‘ylab piyoda yurish qiladi. Marsh yakunida saroy maydonida jangovar chiqishlar, harbiy chaqiriqlar va harbiy orkestrning defile namoyishi o‘tkaziladi.
Tadbir munosabati bilan soat 15:00 dan 17:00 gacha Toshkentning quyidagi markaziy ko‘chalarida avtotransport vositalari harakati vaqtinchalik cheklanadi:
Qoraqamish — Sag‘bon ko‘chalari chorrahasidan, Sag‘bon ko‘chasi bo‘ylab KXAY — Sag‘bon ko‘chalari kesishgan chorrahasigacha;
KXAY — Sag‘bon ko‘chalari chorrahasidan, Sag‘bon ko‘chasi bo‘ylab Nurafshon — Sag‘bon ko‘chalari kesishgan chorrahasigacha;
Nurafshon — Sag‘bon ko‘chalari chorrahasidan, Sag‘bon ko‘chasi bo‘ylab Farobiy — Sag‘bon ko‘chalari kesishgan chorrahasigacha;
Zarqaynar — Sag‘bon ko‘chalari aylanma harakatidan, Zarqaynar ko‘chasi bo‘ylab Zarqaynar — Alisher Navoiy ko‘chalari kesishgan chorrahasigacha;
Zarqaynar — Alisher Navoiy ko‘chalari kesishgan chorrahasidan, Furqat ko‘chasi bo‘ylab Furqat — Islom Karimov ko‘chalari kesishgan chorrahasigacha;
Furqat — Islom Karimov ko‘chalari kesishgan chorrahasidan, Furqat ko‘chasi bo‘ylab Furqat — Beshyog‘och ko‘chalari kesishgan chorrahasigacha.
Vazirlik fuqarolardan noqulayliklar uchun uzr so‘rab, aylanma yo‘llardan foydalanishni tavsiya qilmoqda.





