add

Toshkentda «aqlli» tizimlar bor, lekin «aqlli boshqaruv» yo‘q — Kept

13.10.2025 | 20:2035485

Toshkent yangi reytingda qayerda orqada qoldi-yu, qayerda peshqadamlik qilmoqda.

Toshkentda «aqlli» tizimlar bor, lekin «aqlli boshqaruv» yo‘q — Kept
O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahri 2025 yil oktyabr oyida Kept konsalting kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan «aqlli shaharlar» yangi reytingida «rivojlanish salohiyati»ga ega shaharlar guruhiga kiritildi. Tadqiqot MDH va BRIKS+ mamlakatlarining 15 ta shahrini qamrab olib, texnologik taraqqiyotning hayot sifatiga ta’sirini baholadi. Reytingda Toshkent rivojlanish uchun katta imkoniyatga ega shaharlar qatoriga kirdi, ammo umumiy natijalar bo‘yicha 50 balldan kam to‘plab, o‘rta toifaga kira olmadi. Tadqiqotda shahar hayoti sifatini oshirishga ta’sir etuvchi texnologiyalar darajasi baholangan. Toshkentda eng zaif yo‘nalish «aqlli biznes va bandlik» bo‘lib, bu bo‘yicha shahar 14-o‘rinni egalladi (40,4 ball). Mutasaddilar bu holatni tadbirkorlar va mehnat bozori uchun raqamli xizmatlarning yetarlicha rivojlanmagani bilan izohlamoqda. Barqaror rivojlanish bo‘yicha ham muammolar aniqlangan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, har bir toshkentlikka o‘rtacha 3 kvadrat metr atrofida yashil hudud to‘g‘ri keladi, umumiy ko‘kalamzorlashtirish esa shahar maydonining atigi 2 foizini tashkil etadi. Shu bilan birga, havo sifati indeksi (AQI) muntazam 101–150 darajada bo‘lib, ifloslanish yuqori ekanini ko‘rsatmoqda. Shaharning transport tizimi ham qattiq tanqid qilindi. Hisobotga ko‘ra, aholi vaqt yo‘qotishi bo‘yicha Toshkent reytingdagi eng yuqori ko‘rsatkichga (10,7) ega bo‘lib, bu yo‘ldagi tiqinlar va harakatni tashkil etishdagi muammolarni aks ettiradi. Shahar boshqaruvida ochiq ma’lumotlar portali mavjud emas, mavjud ma’lumotlar esa doimiy yangilanmaydi. Shuningdek, inklyuziv muhitni rivojlantirish dasturi hali davlat darajasida tasdiqlanmagan, garchi har bir tumanda inklyuziv maktablar ochish rejasi 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan bo‘lsa-da. Shu bilan birga, Toshkent ayrim sohalarda muvaffaqiyatga erishgan. Shahar MDH poytaxtlari orasida elektromobillar soni bo‘yicha yetakchi hisoblanadi, «aqlli yoritish» va «aqlli hisoblagichlar» tizimlari keng joriy etilgan. Shuningdek, mehmonxona infratuzilmasi yaxshi rivojlangan — har 1000 aholiga 5 ta xonalar to‘g‘ri keladi. Kept mutaxassislari fikricha, Toshkent «aqlli shahar» texnologiyalarini tatbiq etishda katta salohiyatga ega. Ular fuqarolar, biznes va davlat organlari o‘rtasida raqamli hamkorlikni kuchaytirish, barqaror rivojlanish dasturlarini chuqurlashtirishni tavsiya etdi.

Teglar

Mavzuga oid